Iqtisodiyot | 14:39 / 18.05.2016
10489
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish sur'ati o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18 foiz oshdi

«O‘zbekengilsanoat» aksiyadorlik jamiyati sohaning eksport salohiyatini oshirish va ushbu yo‘nalishdagi o‘quv muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta'minlashga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazdi. Bu haqda «O‘zA» xabar bermoqda.

Unda aksiyadorlik jamiyatining yetakchi mutaxassislari, tarmoq korxonalari, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti vakillari ishtirok etdi.

«O‘zbekengilsanoat» aksiyadorlik jamiyatining ishlab chiqarish bosh boshqarmasi boshlig‘i Sh.Sultonovning ta'kidlashicha, tarmoq korxonalari bir yilda 490 ming tonna kalava ip, 296 million kvadrat metr mato, 96 ming tonna trikotaj polotnosi, 271 million dona tikuvchilik-trikotaj va 71 million juft paypoq mahsulotlari ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Joriy yilning dastlabki uch oyida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish sur'ati o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18 foiz oshdi.

Joriy yilning yanvar-mart oylarida tarmoq korxonalari tomonidan 18 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarish o‘zlashtirilib, 178 turdagi yengil sanoat tovarlari –  3,1 million kvadrat metr mato, 24 modeldagi 5,8 million dona tayyor tikuvchilik va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarildi.

Ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarining o‘sishi eksport hajmining kengayishi bilan bog‘liq. Bugungi kunda «O‘zbekengilsanoat» aksiyadorlik jamiyati korxonalari mahsulotlari Yevropa, Osiyo, Shimoliy va Janubiy Amerikadagi 55 mamlakatga eksport qilinmoqda. Joriy yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, eksport qilingan mahsulotlar miqdori 206,1 million dollarga yetdi. Bu 2015 yilning shu davriga nisbatan 6,2 foiz ko‘pdir. Shu yilning oxirigacha tarmoqda eksport hajmini yanada kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar amalga oshiriladi.