Respublika bo‘ylab 130 ta Monitoring markazlari tashkil etildi
“O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasining www.uzpse.uz rasmiy saytida yozilishicha, kompaniya tarkibidagi «O‘zpaxtasanoat» aksiyadorlik jamiyatining paxta tozalash korxonalari huzurida 130 ta Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va hisob-kitob qilish Monitoring markazlari tashkil etilgan.
“Markazlarni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad, respublikada paxta hosildorligini oshirish, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazishda tizimli nazorat o‘rnatish, fermer xo‘jaliklari bilan ta'minotchi va xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar o‘rtasida to‘lov intizomini va hisob-kitob ishlarini yanada takomillashtirishdan iborat. Markazlarning asosiy vazifasi qilib, fermer xo‘jaliklari va ta'minotchi, tayyorlovchi va xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar, soliq idoralari hamda paxta tozalash korxonalari o‘rtasidagi hisob-kitob va to‘lov tizimini yangidan tartibga keltirish, soddalashtirish, shaffofligini ta'minlash, xo‘jaliklarning paxta va g‘alla maydonlarida belgilangan agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida, sifatli bajarilishi ustidan doimiy nazorat tizimini mukammallashtirish, agrotexnik tadbirlar uchun ajratilayotgan moddiy resurslardan (yonilg‘i-moylash materiallari, kimyoviy o‘g‘itlar va h.k.) maqsadli va oqilona foydalanilishni nazoratga olish belgilangan.
Maxsus reja asosida mavjud Monitoring markazlari ta'mirlanib, mebel, kompyuter texnikasi va kerakli jihozlar bilan to‘liq ta'minlandi. Shuningdek, doimiy aloqani ta'minlash imkonini beruvchi optik va internet aloqa tizimi chekka-cheka hududlardagi monitoring markazlariga ham o‘rnatildi”, deydi “O‘zpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori Yashin Xidirov.
“Mazkur Monitoring markazlari fermerlar uchun qanday qulayliklar beradi?”, deb berilgan savolga “Avvallari fermer biror zaruriy mahsulotga buyurtma berish yoki zaruriy agrotexnik tadbirlar uchun mablag‘ olish zarur bo‘lsa, tumanning turli nuqtalarida joylashgan muassasalarga borib, yarim oylab vaqt yo‘qotar, bu o‘z navbatida dala ishlariga, ayniqsa hosildorlikka ham ta'sir o‘tkazmay qolmasdi. Endi esa bu jarayonlar bir joyda, ya'ni barcha xizmatlarni o‘zida jamlagan Monitoring markazida yarim soatda hal bo‘lmoqda. Fermerlarimiz bundan juda xursandlar. Shuningdek, paxta va g‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklariga hisob-kitoblarda qulayliklar yaratish maqsadida elektron imzo tizimi, ya'ni smart kartalar joriy qilinib, hisob-kitoblarda ortiqcha rasmiyatchiliklarning oldi olindi. Hozirda fermerlarimiz monitoring markaziga kelib, o‘zlariga belgilangan me'yor bo‘yicha yoqilg‘i moylash materiallari, mineral o‘g‘it va boshqa turdagi xizmatlar uchun to‘lovlarni elektron tizim ya'ni smart kartalar orqali amalga oshirmoqdalar. Bu esa o‘z navbatida moddiy texnik resurslardan oqilona foydalanilishiga olib keladi”, deb javob beradi mutasaddi rahbar.
Ma'lumotda yozilishicha, xolding kompaniya binosida Respublika Shtabi tashkil etilgan. U yerda respublikadagi mavjud vaziyat to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazorat qilinib, olingan kunlik natijalar tahlil etilmoqda, hududiy markazlarga aniqlangan holatlar bo‘yicha tegishli tavsiyalar berilmoqda.