Uber o‘zining mustaqil harakatlanuvchi mashinasini namoyish etdi
Uber taksi kompaniyasi Ford Fusion’ning gibridli dvigatel o‘rnatilgan modeli negizida ishlab chiqqan haydovchisiz yuruvchi mashinasini OAVga namoyish etdi. Bu haqda kompaniyaning rasmiy blogida xabar qilingan.
Uber’ning o‘zi yurar mashinalari Pittsburg ko‘chalarida bir yillar avval ko‘zga tashlangan edi, biroq kompaniya uni endi rasman ommaga oshkor qilmoqda.
Uber mashinalari bir vaqtning o‘zida shahar ko‘chalari bo‘yicha ma'lumotlar yig‘ish barobarida avtopilot boshqaruvi tizimini sinab ko‘rishga mo‘ljallangan. Unga radarlar, lazer skanerlari va yuqori o‘lchamli kameralar o‘rnatilgan. Biroq hozircha bunday mashinalar old o‘rindig‘ida tajribali haydovchi qolmoqda.
Mahalliy jurnalistlar shunday Uber’da sayr qilish imkoniga ega bo‘lishgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, mashina mustaqil ravishda tezlashadi, tormoz beradi, qayta saflana oladi, to‘xtash joyiga joylashadi va piyoda hamda velosipedchilarga yo‘l beradi. Shu bilan birga, xohlagan vaqtda qo‘lda boshqarish tizimiga o‘tish mumkin.
Xabarlarga ko‘ra, Pittsburgda Google’dan Uber’ga o‘tgan muhandislar jamoasi, Karnegi-Mellon universiteti va boshqa kompaniya, tashkilotlarning qarorgohlari joylashgan. Bundan tashqari, Uber’ning fikricha, Pittsburg o‘zining murakkab yo‘l sharoiti, tor ko‘chalari va o‘zgaruvchan ob-havosi bilan sinovlar o‘tkazish uchun qulay joydir.
Kompaniya vaqti kelib barcha haydovchilarini sun'iy aqlga almashitirishiga ishonmoqda. OAV fikricha, Uber bu kabi texnologiyalar vositasida Google va boshqa yirik korporatsiyalarga qaraganda ko‘proq daromad ko‘ra oladi.