Jahon | 22:53 / 22.05.2016
4990
2 daqiqa o‘qiladi

Hindiston bosh vaziri Eronga ishchi safar bilan keldi

Hindiston bosh vaziri Narendra Modi hukumat tepasiga kelgandan ikki yil o‘tib Eronga birinchi tashrifi bilan keldi.

Bosh vazir Eronga kelganini tvitterda ma'lum qildi hamda samolyot trapida turgani va uni kutib olayotgan eronliklarni qarshilayotgani suratini joylashtirdi.

Modining Eronga tashrifining asosiy qismi 23 may, dushanbada boshlanadi. Modi Eronning oliy rahnamosi oyatulloh Ali Homaneiy bilan uchrashadi, mamlakat prezidenti Hasan Ruhoniy bilan muzokara o‘tkazadi. Ma'lum qilinishicha, muzokaralar davomida ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar, mintaqadagi vaziyat muhokama qilinadi. 

23 mayda, shuningdek, bir qator ikki tomonlama hujjatlar imzolanadi, biroq bular orasida Eron, Hindiston va Afg‘onistonning Eronning Chaboxar porti orqali o‘tuvchi tranzit koridori haqidagi uch tomonlama kelishuvi eng muhimi bo‘ladi. Portning rivojlanishi quruqlikdagi Chaboxar-Zaxadan-Zaranj yo‘nalishidan foydalanish bilan bir qatorda Afg‘onistonning dengiz orqali Hindistonga, Hindistonning esa O‘rta Osiyoga chiqishiga imkon beradi.

Hindiston tashqi ishlar vazirligida kelishuvni Afg‘oniston tomondan kim imzolashi tushuntirilmadi, biroq Eron OAVning ma'lum qilishicha, buni mamlakat prezidenti Ashraf G‘ani amalga oshiradi. U Tehronga 23 mayda yetib keladi.

Bundan tashqari, Modi Tehronda muhokama qilishi mumkin bo‘lgan mavzulardan biri Eronga neft yetkazib bergani uchun 6,5 mlrd dollar qarzning to‘lanishi bo‘ladi. Bu pul uch yil davomida sanksiyalar tufayli Hindistonning Eronga dollar va yevroda haq to‘lashiga imkon bermagani oqibatida to‘planib qolgan. Bundan avval Hindiston OAVining ma'lum qilishicha, qarzning bir qismi – 750 mln dollari joriy haftada to‘lab berilgan.