Jahon | 10:01 / 23.05.2016
2769
1 daqiqa o‘qiladi

Liviya qirg‘oqlarida 850 nafar qochqin ushlandi

Liviya Sohil xavfsizlik xizmati Sabrata shahri qirg‘oqlarida Afrika mamlakatlaridan kelgan va O‘rta Yer dengizi orqali Yevropa yo‘l olgan taxminan 850 nafar qochqinni qo‘lga oldi. Bu haqda Reuters xabar qildi. 

Qochqinlar orasida 69 kishi ayol va ulardan 11 nafari homilador. Shuningdek, havo to‘ldirilgan rezina qayiqlarda 11 bola ham aniqlangan. 

Bu yil 30 mingdan ortiq qochqin O‘rta Yer dengizini kechib o‘tib Italiyaga o‘tdi. Yoz fasiliga borib, Yevropaga qochqinlar oqimi ko‘payishi kutilmoqda. 

Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot ayni paytda Liviyada 235 ming qochqinni qayd etgan. Shu o‘rinda tashkilot vakillari qochqinlarning haqiqiy soni sezilarli darajada ko‘proq – 700 mingdan milliongacha bo‘lishi mumkinligini ham ma'lum qildi. Ulardan ba'zilari Liviyada mehnat qilish uchun qoladi. Qolganlari esa Yevropaga intiladi.