Amnesty International: Embargoga qaramay YeIdagi 13 davlat Misrga qurol yetkazib berishda davom etgan
Yevropa Ittifoqidagi davlatlarning qariyb yarmi 2013 yili embargo (taqiq) qo‘yilganiga qaramasdan Misrga qurol yetkazib berishda davom etgan. Bu haqda Amnesty International huquqni muhofaza qiluvchi tashkiloti ma'ruzasida keltirilgan.
Ma'lum qilinishicha, 2014 yili YeIning 28 a'zosidan 13tasi (ular orasida Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya va Italiya ham bor() Misrga 6 mlrd dollarlik hajmda harbiy uskunalar va politsiyalar uchun mo‘ljallangan buyumlar yetkazib bergan. Ular shuningdek, Misrga zirhli mashinalar, harbiy vertolyotlar va eshitish moslamalari yetkazib berishgan.
Ma'lumot uchun, 2013 yili Yevropa Ittifoqi kengashi Misrga qurol-yarog‘ va politsiyachilar uchun maxsus uskunalar yetkazib berishni taqiqlab qo‘ygandi. Bunga Misr politsiyasi va armiya kuchlari muxoliflarning namoyishlari vaqtida qurollardan foydalangani sabab bo‘lgandi.