Jahon | 07:45 / 25.05.2016
7362
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiya G7 sammiti sababli misli ko‘rilmagan xavfsizlik choralarini ko‘rdi

Yaponiya 26-27 may kunlari Tinch okeani bo‘yida, Kasikodzima orolidagi Ise-Sima milliy bog‘ida o‘tkaziladigan G7 sammiti sababli misli ko‘rilmagan xavfsizlik choralarini ko‘rdi, deb xabar bermoqda TASS axborot agentligi. Hattoki yig‘ilish o‘tadigan joydan 300 km uzoqlikda bo‘lgan Tokioda ham turli obektlar va ko‘chalarni nazorat qilish uchun 19 ming politsiyachi safarbar etildi. Vokzallar, savdo markazlari va odamlar gavjum bo‘ladigan boshqa joylarda politsiyachilar juft-juft bo‘lib, bir-birlaridan bor-yo‘g‘i bir necha o‘n metr masofada yurishibdi.

Milliy bog‘ joylashgan Mie va unga yondosh Ayti prefekturalariga Yaponiyaning turli hududlaridan 23 ming politsiyachi jalb qilindi. Politsiyachilar nazorat qilishdan tashqari, avtomobillarni tekshirish uchun ko‘p sondagi blok-postlarda xizmat o‘tashmoqda.

Sammit o‘tkaziladigan hudud aholisi o‘z hududlari bo‘ylab faqatgina maxsus ruxsatnomalar bilangina harakatlana olishadi. Ba'zi maktablar Buyuk Britaniya, Italiya, Kanada, AQSh, Fransiya, Germaniya va Yaponiya yetakchilari kelishi oldidan mashg‘ulotlarni bekor qilishdi. Baliqchilar va marjon yig‘uvchilarga dengizga chiqishga ruxsat berildi, biroq ularning qayiq va shxunalari sinchkovlik bilan tekshirilgandan keyingina ularga maxsus ruxsatnoma berilmoqda va u har kuni yangisi bilan o‘zgartiriladi.

Dengizda esa sammit o‘tadigan joyni 100 ga yaqin kater qo‘riqlaydi. Bu yerga Yaponiya harbiy-dengiz kuchlarining eng yirik kemasi –  "Idzumo" vertolyot tashuvchisi boshchiligidagi raketa esminetslari keldi. Ise-Sima ustidan radar va harbiy samolyotlar nazorat qiladigan parvozsiz hudud kiritildi.