Jahon | 00:49 / 26.05.2016
4348
2 daqiqa o‘qiladi

Yaman janubida aviazarba oqibatida 11 fuqaro halok bo‘ldi

Saudiya Arabistoni boshchiligidagi arab koalitsiyasi harbiy-havo kuchlarining Yamanning janubidagi Laxj viloyatiga bergan zarbasi natijasida 11 nafar tinch aholi vakili halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda mahalliy amaldorlarga iqtibos keltirgan holda Associated Press agentligi.

Barcha halok bo‘lganlar bir oila a'zolari bo‘lgan, ular orasida kamida 4 nafar bola bor.

Manbalarning aytishicha, zarbadan maqsad Yaman janubida harakatlanuvchi jangarilarni nishonga olish bo‘lgan, biroq snaryadlar jangarilar bazalari yonidagi turar joy binosiga tekkan. Ma'lum qilinishicha, zarba bergan samolyotlar BAAga qarashli bo‘lishi mumkin.

Viloyat gubernatori koalitsiyadan hech kim zarba haqida avvaldan ogohlantirmaganini aytdi.

Yamanda xusiychilar va mamlakat hukumati qo‘shinlari orasida janglar davom etmoqda.

Ixtilof sharoitida mamlakat janubida "Arabiston yarimorolidagi Al-Qoida" va IShID terrorchilik guruhlari jangarilari faollik ko‘rsatmoqda. Ularga vaqti-vaqti bilan koalitsiya ishtirokchilari va AQSh zarba berib turadi.