18:58 / 27.05.2016
10494

Medvedev G‘arb sanksiyalari uzaytirilishiga javob qaytarish bo‘yicha ko‘rsatma berdi

Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev G‘arb mamlakatlarining Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni 2017 yil oxiriga qadar uzaytirishi ehtimoliga tayyorlanish va zarur variantlar ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

"Men sanksiyalar 2017 yil oxirigacha uzaytirilishga tayyorlanish uchun ko‘rsatma beraman. Bu borada prezidenga murojaat qilinadi va hukumat qarori asosida zarur choralar ko‘riladi", degan Medvedev.

U hukumatga oziq-ovqat embargosini 2017 yil oxiriga qadar uzaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishni topshirdi. 

Bundan oldinroq, Buyuk Britaniya bosh vaziri Devid Kemeron G7 vakillari Yaponiyada o‘tgan sammitda iyun oyida Rossiyaga qarshi sanksiyalarning uzaytirilishi haqida kelishib olishgani haqida xabar bergandi.

G7 yetakchilari Qrim qo‘shib olingandan so‘ng Rossiyaga nisbatan amal qilayotgan sanksiyalarni saqlash yuzasidan fikr bildirgan.

«Biz Rossiyaga qarshi sanksiyalarning uzaytirilishi Moskvaning Minsk kelishuvini to‘liq bajarishi va Ukraina suverenitetini hurmat qilishi bilan bog‘liq ekanligini tasdiqlaymiz. Rossiya zimmasiga olgan majburiyatlarni to‘liq bajargandan so‘ng sanksiyalar bekor qilinishi mumkin. Shu bilan bir paytda agar Rossiyaning harakatlari shuni talab etsa, biz bundan keyin ham cheklovchi choralarni joriy etishga tayyormiz», — deyilgan deklaratsiyada.

Shuningdek, G7 mamlakatlari Rossiya bilan muzokaralarni davom ettirishning muhimligini tan olgan.

Deklaratsiyada G7 rahbarlari Ukrainadagi inqirozni xalqaro huquqqa rioya etgan holda diplomatik yo‘l bilan tartibga solish zarurligini tasdiqlagani ta'kidlangan.

Top