Jamiyat | 08:02 / 29.05.2016
12253
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda hayvonot bog‘ida qafasga kirib qolgan bolani qutqarish uchun undagi gorilla otib tashlandi

28 may kuni AQShning Ogayo shtatidagi Tsintsinnati shahri hayvonot bog‘ida 3 yoshli o‘g‘il bola gorilla qafasiga kirib qoldi. Gorillalardan biri, 17 yoshli Xarambe laqabli gorilla bolani  ko‘tarib olib, 10 daqiqacha shu alfozda yurgan. Bog‘ direktori Teyn Meynardning aytishicha, bolani qutqarish uchun xodimlar gorillani otishlariga to‘g‘ri kelgan. Bolakay esa kichik jarohatlar bilan shifoxonaga yetkazilgan.

Meynardning ta'kidlashicha, 180 kg dan og‘irroq gorilla to‘siq ostidan o‘tib, qafas ichidagi suvli o‘raga tushib ketgan bolakay hayotiga haqiqiy xavf solgan edi. Uxlatuvchi vositalarning qo‘llanishi tezda ta'sir qilmasligi bois, bog‘ xodimlari uni o‘ldirishga qaror qilishgan. "Ular murakkab, biroq to‘g‘ri qaror qabul qilishdi. Bizda bunday vaziyatlarda qanday yo‘l tutishimiz haqida yo‘riqnoma bor va biz u bo‘yicha harakat qildik. Biz avval bunday hodisaga duch kelmagandik", deb aytdi Meynard.

"Xarambe yaxshi "yigit" edi. Biz undan nasl olmoqchi edik", deb afsus bilan qo‘shimcha qildi bog‘ direktori.

29 may kuni hayvonot bog‘i ishchi tartibda o‘z ishini davom ettiradigan bo‘ldi.

Xuddi shunga hodisa Chili poytaxti Santyago hayvonot bog‘ida bir hafta oldin yuz bergandi. Hayvonot bog‘iga tashrif buyurgan 20 yoshli yigit o‘z joniga qasd qilish maqsadida sherlar qafasiga o‘zini tashlaganda uni sherlar hamlasidan qutqarish uchun 2 ta sherni otib tashlashga to‘g‘ri kelgandi.