Sobiq ma'shuqini o‘ldirishda ayblangan slovakiyalik model 15 yilga qamaldi
Ispaniyaning Malaga shahri sudi 26 yoshli slovakiyalik model Mayka Kukuchovani 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish bo‘yicha hukm chiqardi. U o‘zining sobiq ma'shuqi, britaniyalik millioner Endryu Bushni o‘ldirishda ayblangan.
Associated Press agentligi xabarida aytilishicha, ayblovchi tomon uni 20 yil muddatga qamashni talab qilgandi. Kukuchova o‘sha vaziyatda sobiq yigiti bilan janjallashib qolganidan keyingi jazava holatida bo‘lgani uchun jazo yengilroq berilgani aytilmoqda.
Sud hukmiga ko‘ra, model marhumning qizi va singlisiga 200 ming yevro miqdoridagi ma'naviy zararni qoplash hamda sud xarajatlarini to‘lash majburiyatini yuklagan.
48 yoshli Bush 2014 yili Ispaniyaning kurort shaharlaridan biri Kosta-del-Solda o‘ldirilgandi. Qimmatbaho taqinchoqlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi salonlarga egalik qilgan milliarder badanidan 3ta o‘q topilgan.
Juftlikning janjallashib qolishiga, Bush rossiyalik talaba Mariya Korotayeva bilan ishqiy aloqalar o‘rnatgani fosh bo‘lishi sabab bo‘lgan. U Ispaniyada sobiq sevgilisini boshqa qiz bilan uchratib qolgach, unga o‘q uzgan va voqea joyidan yashiringan.
Politsiya qotilni Slovakiyada qo‘lga olgan. U qasddan qotillik qilgani haqidagi ayblovni tan olmagan. Shu yilning may oyida sud uni sobiq yigitini o‘ldirishda aybdor deb topgandi.