O‘zbekiston | 21:13 / 03.06.2016
5086
2 daqiqa o‘qiladi

Termiz shahridagi 30 mahalla fuqarolar yig‘inidan o‘n to‘rttasida saylov bo‘lib o‘tdi

Surxondaryo viloyatida fuqarolar yig‘ini raisi va ularning maslahatchilari saylovi yuqori saviyada o‘tkazilmoqda. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.

Termiz shahridagi 30 mahalla fuqarolar yig‘inidan o‘n to‘rttasida saylov bo‘lib o‘tdi. Jumladan, “Jayxun” mahalla fuqarolar yig‘inida ochiqlik, tenglik va demokratik tamoyillar asosida o‘tkazilgan saylovda mahalla raisi va uning 9 maslahatchisi saylandi.

Yildan-yilga obodonlashib borayotgan mahallada 5 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Fuqarolar yig‘ini raisligiga el orasida obro‘ qozongan  ikki nomzod ko‘rsatilgan edi. Saylovchilar nomzodlarning dasturi bilan  tanishib, eng munosib nomzodga ovoz berdi.

Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyasidan olingan ma'lumotlarga ko‘ra, saylovlarda viloyat bo‘yicha 832 fuqarolar yig‘ini raisi va ularning 8 ming 400 dan ortiq maslahatchisi saylanadi. Shu kungacha o‘tkazilgan saylovlarda 537 rais va ularning 5 ming 897 maslahatchisi saylandi.