Jahon | 16:36 / 04.06.2016
9713
2 daqiqa o‘qiladi

Polshaning sobiq prezidentlari: Ajratilgan va zaif Yevropa bu ketishda muzeyga aylanishi mumkin

Polshaning sobiq prezidentlari Lex Valensa, Aleksandr Kvasnevskiy va Bronislav Komorovskiy 4 iyun kuni Yevropa mamlakatlariga murojaat qilib, ularni birdamlikni saqlab qolishga chaqirdi. TVN24 mahalliy telekananli ushbu xatdan parcha keltirdi.

"Faqat birlashgan va integratsiyalashgan Yevropada zamonaviy dunyoda sodir bo‘layotgan murakkab jarayonlarda ishtirok etish imkoni mavjud. Bir o‘zimiz parokanda bo‘lib, alohida harakat qilsak, biz taraqqiyot va umid qit'asi emas, ochiq osmon ostidagi muzeyga aylanamiz", - deya ta'kidlashdi sobiq rahbarlar. 

"Yevropa o‘z kuchiga ishonchini yo‘qotayotganligi bizni xavotirga solmoqda, jamiyatda begonalar oldida qo‘rquv hissi paydo bo‘lmoqda. Odamlar, ayniqsa yoshlar o‘z kelajagi va xavfsizligidan cho‘chishmoqda, imperialistik Rossiya tomonidan harbiy agressiya sharpasi qaytmoqda. Barbod qilingan devorlar o‘rnida yangilari qad ko‘tarmoqda", - deya fikr bildirishdi Polshaning sobiq yetakchilari. 

"Yevropa birdamligi va hamjihatligi xavf ostida. Fuqarolarning xavotirlaridan millatchi siyosatchilar foydalanishmoqda. Hukumat tepasiga quruq va'da beruvchi partiyalar kelmoqda", - deyilgan murojaatda, shu bilan birga sobiq prezidentlar yevropaliklarni "uyg‘onishga" va "umumiy Yevropa qadriyatlarini himoya qilishga" da'vat etishdi. 

Shu munosabat bilan Varshava va Polshaning bir qator shaharlarida 4 iyun kuni Demokratiya mudofaa qo‘mitasi tomonidan tashkillashtirilgan ommaviy namoyishlar uyushtirilmoqda. Bu aksiyalarga mamlakatning ko‘plab muxolifat kuchlari, mashhur siyosatchilar va respublikaning sobiq prezidentlari qo‘shilishmoqda.