Jahon | 18:12 / 06.06.2016
4342
2 daqiqa o‘qiladi

NATO harbiylari ilk bor Finlyandiya qirg‘og‘iga tushirilmoqda

NATO qo‘shinlari bugun Baltops 2016 mashg‘ulotlarining dengizdagi bosqichi doirasida tarixda ilk marta Finlyandiya hududiga kiradi.

Uch kun davomida harbiylar alyans a'zosi bo‘lmagan bu davlatning Xanko yarim orolidagi Syundalen poligonida desant tushirilishi, shuningdek, jangovar harakatlarni mashq qiladi. Bu haqda Yle telekanalida xabar qilingan. 

Qirg‘oqqa AQSh piyoda qismlarining harbiy texnikalari, AQSh dengiz piyodalari qismlarining 200 nafar askari, britaniyalik 60 nafar askar, germaniyalik 50 nafar askar hamda italiyalik razvedkachilar bo‘linmasi tushiriladi.

Operatsiyada AQShning USS Carter Hall desant kemasi va Buyuk Britaniyaning HMS Queen nomli yirik kemasi ham ishtirok etadi.

Baltops Baltika dengizidagi har yili o‘tkaziladigan yirik harbiy mashg‘ulotlar bo‘lib, bu safargi mashg‘ulotlar 3-19 iyun kunlari davomida bo‘lib o‘tadi. 44-bor o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlarda Finlyandiya yigirma yildan beri ishtirok etib keladi, biroq bu yilgi mashg‘ulotlar ilk marta finlarning hududida o‘tkazilmoqda. 

Finlyandiyadagi manyovrlardan keyin mashqlar to‘rt kunga NATO a'zosi bo‘lmagan boshqa bir davlat Shvetsiyaning Stokgolm arxipelagidagi Uto oroliga ko‘chadi. 

Ilk bor olis shimolda tashkil qilingan Baltops mashg‘ulotlariga NATOdagi ittifoqchilar va hamkor 18 davlatdan 4500 nafar harbiy, 50 kema va 60 samolyot jalb etilgan. 

Mashg‘ulotlardan maqsad - turli amaliyotlarda o‘zaro kelishib harakat qilish ko‘nikmasiga ega bo‘lish. Mashg‘ulotlar dengiz, havo va quruqlikdagi harakatlarni o‘z ichiga oladi.