Sanders shtabi Klintonning ikkinchi bosqichga o‘tish uchun yetarli ovoz yiqqani haqidagi xato xabardan shikoyat qildi
Demokratlar partiyasidan AQSh prezidentligiga nomzod Berni Sandersning saylovoldi kampaniyasi shtabi OAVda Hillari Klinton muddatidan avval keyingi bosqichdagi ishtirokini ta'minlagani haqida tarqalgan xabarga e'tiroz bildirdi. Ularning hisobiga ko‘ra, Sandersning raqibi hali partiyaning 25—28 iyul kunlari Filadelfiyada bo‘lib o‘tadigan s'yezdida AQSh prezidentligi uchun rasman nomzod sifatida ko‘rsatilish uchun yetarli ovoz to‘plab bo‘lmagan.
"Klinton xonim hali nomzodini prezidentlikka rasman ko‘rsatish uchun delegatlarning yetarli ovozini to‘plab bo‘lmadi. Uning taqdirini hali o‘z ovozlarini berib bo‘lmagan superdelegatlar hal qiladi. Ular esa 25 iyuldan oldin ovoz bermaydi va barchasi hali oldinda. Ular esa hozir ham, keyinroq ham fikrlarini o‘zgartirishi mumkin", deydi Sandersning matbuot kotibi Maykl Briggs.
"Bizning vazifamiz - bu superdelegatlarni janob Sanders bugungi kunda Trampga qarshi tura olishi mumkin bo‘lgan eng kuchli nomzod ekaniga ishontirish", deyilgan Sanders jamoasi bayonotida.
Hillari Klinton esa o‘z tarafdorlarini "superseshanba" arafasida bo‘shashmaslikka chaqirgan. Bugun bir yo‘la 6ta shtatda dastlabki saylovlar o‘tkaziladi.
"Biz buni muddatidan avval e'lon qilib yuborganingdan mamnunmiz, AR. Endi biz praymerizda albatta g‘alaba qilishimiz kerak. Kaliforniya, Montana, Nyu-Meksiko, Shimoliy Dakota, Janubiy Dakota, Nyu-Jyersi, bizga ovoz bering!", degan Klinton xonim.
Bundan oldinroq, Associated Press agentligi o‘z hisob-kitoblariga asoslangan holda Hillari Klinton keyingi bosqichda Demokratlar partiyasidan yagona nomzod sifatida ishtirok etishi uchun yetarli bo‘ladigan 2383 delegat ovozini to‘plab bo‘lgani haqida ma'lum qilgandi.
Partiyaning prezidentlik saylovlari uchun rasmiy nomzodi Filadelfiyada 25—28 iyul kunlari o‘tkaziladigan s'yezdda ilgari suriladi.
Virjiniya orollaridagi kokuslardan keyin Klintonni 2 316 nafar delegat, jumladan, 547 nafar superdelegat qo‘llab-quvvatlayotgandi. G‘alaba uchun esa 2 383 nafar delegat ovozi talab etiladi.
Sanders Klintondan sezilarli darajada ortda qolgan. Uni 1 547 nafar delegat qo‘llab-quvvatlamoqda. Ulardan 46 nafari superdelegat.
AQSh prezidentligi uchun saylov 8 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Respublikachilarning ikkinchi bosqich uchun yagona nomzodi Donald Tramp.