O‘zbekiston | 13:51 / 08.06.2016
20862
1 daqiqa o‘qiladi

Urganchga majburan qo‘ngan EgyptAir samolyoti bortida bomba borligi haqidagi xabar yolg‘on bo‘lib chiqdi

O‘zbekistonning Urganch shahridagi aeroportga shoshilinch ravishda qo‘ngan EgyptAir samolyoti bortidan portlovchi qurilma yoki boshqa shubhali buyumlar topilmadi va portlash xavfi haqidagi ma'lumot yolg‘on bo‘lib chiqdi. Bu haqda Reuters agentligi Misr fuqarolik aviatsiyasiga asoslanib xabar tarqatdi.

"Samolyot uchib ketishga tayyorlanmoqda. Portlash xavfi haqidagi ma'lumot tasdiqlanmadi", deyilgan xabarda.

Misrning EgypAir aviakompaniyasiga tegishli A-320-220 avialayneri Qohira-Pekin yo‘nalishida (MS955 reysi) parvozni amalga oshirayotganda chorshanba kuni 8:00 da Urganch aeroportiga favqulodda qo‘nishni amalga oshirdi.

Shundan so‘ng, uning yo‘lovchilari hamda ekipaj a'zolari xavfsiz hududga ko‘chirilib, bortda tekshiruv ishlari olib borildi.

Bu voqea tufayli Urganch aeroporti samolyotlarni qabul qilish va jo‘natish uchun vaqtinchalikka yopib qo‘yildi.