Jahon | 11:44 / 09.06.2016
5628
2 daqiqa o‘qiladi

Aqto‘bedagi terakt qurbonlari oilalariga beriladigan moddiy yordam miqdori oshirildi

Qozog‘istonning Aqto‘be viloyati rahbariyati 5 iyun kungi terakt tufayli qurbon bo‘lganlarning oilalariga ko‘rsatiladigan moddiy yordam miqdori oshirilishi bo‘yicha qaror qabul qildi.

5 iyun kuni radikal oqim a'zolari Aqto‘bedagi ikkita qurol-aslaha do‘koniga va harbiy qismga hujum qilib, 7 kishini o‘ldirishdi. Otishmalar vaqtida jami 37 kishi turli darajada jarohat olgan. Jangarilarning 13 nafari aksilterror amaliyotlar natijasida yo‘q qilingan, yana 9 kishi qo‘lga olingan. Ayni vaqtda 6 kishini qidirish ishlari davom etmoqda.

"Qurbonlarning oilalariga 5 million tengedan (15 ming dollar) ajratiladi", deyilgan Aqto‘be viloyati ma'muriyati xabarida.

Bundan oldinroq, viloyat ma'muriyati qurbonlarning oilalari uchun 1 million tengedan (3 ming dollar) 1 martalik nafaqa tayinlaninishi ma'lum qilgandi.

Qurbonlar orasidagi 44 yoshli Andrey Maksimenko ("Pallada" nomli qurol-aslaha do‘koni sotuvchisi), 69 yoshli nafaqaxo‘r Nikolay Onishenko va 35 yoshli Mixail Matrosov hujum vaqtida jinoyatchilarning tasodifiy qurbonlari bo‘lgan. 33 yoshli Merxon Tojiboyev, "Kuzet" qo‘riqlash xizmati xodimi o‘z vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan. Yana 3 nafar harbiy harbiy qismga uyushtirilgan hujum vaqtida otishma vaqtida halok bo‘lgan.

9 iyun kuni terakt tufayli mamlakatda motam kuni e'lon qilindi. Motam munosabati bilan davlat muassasalarida bayroqlar tushirilgan, televideniye va radiolarda reklamalar to‘xtatilgan va ko‘ngilochar dasturlar bekor qilingan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish