Sport | 11:19 / 09.06.2016
4628
2 daqiqa o‘qiladi

Forbes: Mariya Sharapova diskvalifikatsiya tufayli 50 mln dollar yo‘qotadi

Meldoniy vositasini qabul qilgani uchun 2 yilga diskvalifikatsiya qilingan rossiyalik tennischi Mariya Sharapovaning moliyaviy yo‘qotishi 50 000 000 dollarni tashkil qiladi. Bu haqda Forbes xabar qilgan.

«Katta dubulg‘a» turnirlarining 5 karra chempioni 2005 yildan 2015 yilgacha dunyodagi eng ko‘p miqdorda daromad qiluvchi ayol sportchi edi. Keyingi 7 yilda u har yili mukofotlar, reklama shartnomalaridan tushgan mablag‘lar orqali yiliga 25 mln dollar daromad ko‘rgan.

U faoliyati davomida jami 285 mln dollar ishlab topgan, shundan 37 mln dollarlik qismigina turnirlardagi mukofot pullari hisobidan.

Joriy yilda Sharapova bironta turnirda ishtirok etmadi, lekin uning reklama shartnomalaridan daromadi sezilarli ravishda pasaymadi. 12 oy oldin uning 1 yildagi daromadi 23 mln dollar bo‘lgan, hozirda 20 mln dollar.

Keyingi yilda esa bu talofatli darajada bo‘lishi aytilmoqda.

Lekin Avon, Evian, Head kabi kompaniyalar 29 yoshli tennischi bilan hamkorlikni davom ettirmoqda. Bugun esa Nike kompaniyasi mojarolar girdobida qolgan Sharapova bilan shartnoma tiklanishi haqida ma'lum qildi.

Diskvalifikatsiya tufayli Sharapova 2016 yilgi Olimpiada o‘yinlarini o‘tkazib yuboradi. Mart oyida, Avstraliya Ochiq chempionati vaqtida u doping-testdan keyin meldoniy moddasi iste'mol qilganini tan olgandi. Meldoniy 2016 yilning 1 yanvaridan taqiqlangan.

Sharapova faoliyati davomida WTA doirasidagi 38ta turnirda g‘alaba qozongan, shundan 35tasi yakkalik bahslarida. U shuningdek, London olimpiadasining kumush medalini qo‘lga kiritgandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish