Hillari Klinton AQSh vitse-prezidentligiga nomzodlarni tanlash boshlangani haqida e'lon qildi
AQShning sobiq davlat kotibi Hillari Klinton Demokratik partiyadan AQSh vitse-prezidentligiga nomzodlarni tanlashga kirishdi. Bu haqida u CNN telekompaniyasi efirida ma'lum qildi.
Klintonning ta'kidlashicha, uning vitse-prezidentlikka nomzodlar ro‘yxatiga ayollar ham kiritilishi mumkin.
"Men bu lavozimga eng malakali nomzodlarni izlayapman, tabiiyki ayollar ham bundan mustasno emas. Men tanlaydigan odam zarurat tug‘ilganda darhol davlat rahbari vazifasiga ham kirisha bilishi kerakligiga ishonchim komil bo‘lishi kerak. Bu - malaka jihatidan eng asosiy talab", - deya izoh berdi u.
"Men uchun bu kishining kimligi ahamiyatsiz. Eng asosiysi, u topshirilgan vazifani uddalasin", - qo‘shimcha qildi Klinton.
U nomzodlar orasidan AQSh vitse-prezidentligiga eng loyiq kishining nomini qachon aytishiga aniqlik kiritmadi.
"Bunga qancha vaqt ketishini bilmayman", - dedi AQShning sobiq birinchi xonimi.