«O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK Euronews telekanali bilan muzokaralar o‘tkazdi
«O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi Euronews telekanali vakili bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad, o‘zaro foydali hamkorlik istiqbollari, «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK savdo belgisi va xizmatlarini Yevropa bozorida reklama hamda boshqa qo‘shma loyihalar yordamida targ‘ib qilish masalalarini muhokama etishdan iborat bo‘lgan.
Ma'lumki, Euronews axborot agentligi Yevropaning yirik yangiliklar agentligidan biri bo‘lib, 13 tilda efirga chiqadi.
Euronews AAning tijorat departamenti menejyeri Anna Mertsalovaning aytishicha, ayni vaqtda telekanal "O‘zbekturizm" milliy kompaniyasi bilan yaqin hamkorlik qilib keladi. Telekanalda, sayyohlar e'tiborini O‘zbekistonga jalb etish uchun turli mavzularda lavhalar tayyorlanib, efirga uzatib kelinmoqda.
U, shuningdek, Uzbekistan Airways savdo belgisining axborot agentligi saytida keng targ‘ib qilish kabi turli tashviqot yo‘llarini sanab o‘tgan.