Sport | 17:28 / 22.06.2016
10885
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda “Yashil maydon malikalari” futbol turniri g‘oliblari aniqlandi

Andijon shahridagi Sho‘rbuloq futbolga ixtisoslashgan maktab-internati stadionida “Sog‘lom ona va bola yili” munosabati bilan o‘quvchi qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan “Yashil maydon malikalari” musobaqasi yakuniga yetdi.

Viloyatning barcha tuman va shaharlarining 14 jamoasi ishtirok etgan turnir qiziqarli bahslarga boy bo‘ldi. Final bosqichiga yetib kelgan Xo‘jaobod va Ulug‘nor qizlari o‘rtasidagi uchrashuv to‘liqligicha cho‘l tumani qizlari ustunligida o‘tdi. Ulug‘norlik qizlar 3:0 hisobida raqiblari ustidan g‘alaba qozonib, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdilar. Shunday qilib, ikkinchi o‘rin o‘z-o‘zidan xo‘jaobodlik qizlarga, uchinchi o‘rin esa Jalaquduqlik dugonalarini yenggan Asaka jamoasiga nasib qildi.

Turnirning tantanali taqdirlash marosimida so‘z olgan Andijon viloyat hokimining o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Manzuraxon Yunusova jamoalarni turnirdagi ajoyib ishtiroq bilan tabrikladi. G‘olib va sovrindor jamoalarga musobaqani tashkil etishda tashabbus ko‘rsatgan viloyat futbol federatsiyasi, “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamg‘armasi hamda boshqa hamkor tashkilotlar tomonidan tayyorlangan estalik sovg‘alari topshirildi.

- Bugun yakuniga yetgan musobaqa viloyatimizning barcha tumanlarida qizlar futboliga katta e'tibor berilayotganini ko‘rsatdi,-deydi viloyat futbol federatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Alisher Uzoqov. Turnir davomida viloyat terma jamoasi uchun bir nechta nomzod futbolchi qizlarimizni ham saralab oldik. Yoz mavsumida o‘quvchilar o‘rtasida ko‘plab mana shunday turnirlar o‘tkazishni rejalashtirganmiz.

 

Matn va suratlar muallifi - Elmurod ERMATOV, Andijon