12:46 / 22.06.2016
4167

WSJ: Yangi iPhone dizayni avvalgisidan tubdan farq qilmaydi

Amerikaning Apple kompaniyasi ishlab chiqargan yangi smartfon dizayni avvalgi iPhone 6 dizaynidan tubdan farq qilmaydi. Bu haqida WSJ xabar berdi. 

Manbaga ko‘ra, "Apple o‘zining asosiy iPhone'i dizaynini har ikki yilda qayta ishlab chiqish prinsipidan voz kechishni rejalashtirmoqda. U shu yilning kuzida chiqadigan modelga biroz o‘zgartirish kiritadi, xolos". 

Nashrning ma'lum qilishicha, yangi qurilma ikki xil variantda taqdim etiladi: displey diagonali 4,7 dyuym va 5,5 dyuym bo‘lgan smartfonlar.

Bu yilgi yangi qurilmada eng sezilarli o‘zgarish quloqchinlar uchun ulagichlardan voz kechish bo‘lishi kutilmoqda, bu telefonni yanada ingichka qilishga va suvga bardoshlilikni yaxshilashga imkon beradi. Quloqchinlar qurilmani zaryadlash uchun ajratilgan manbaga ulanadi. 

"Apple 2017 yilga borib o‘z dizaynida jiddiy o‘zgarish qilishni rejalashtirmoqda", - deyiladi maqolada.

Jumladan, yangi qurilmalarni organik svetodiodli (OLED) displey bilan ta'minlash va asosiy menyuga qaytaradigan tugmadan voz kechish. Uning o‘rniga ekranga o‘rnatilgan barmoq izlarini taniy oluvchi datchikdan foydalanish mumkin bo‘ladi. 

Kompaniyaning rasmiy vakillari WSJ maqolasiga izoh berishdan bosh tortishdi. 

Joriy yilning aprel oyida Apple kompaniya ilk marotaba iPhone sotuvi ko‘rsatkichining pasayganini qayd etganligidan dalolat beruvchi bayonotlarni taqdim etdi. Mazkur ko‘rsatkich taxminan sakkiz yil davomida - bu qurilmalarning bozorda paydo bo‘lgan paytidan boshlab to‘xtovsiz o‘sib kelgan. Korporatsiya vakillari bu yil sotuv ko‘rsatkichi pasayishini tan olishgan.

Top