Fan-texnika | 16:07 / 23.06.2016
5692
2 daqiqa o‘qiladi

Polshalik ixtirochi mototsikllar uchun intellektual ko‘zgu yaratdi

Motosikl haydaganda atrofda ro‘y berayotgan hamma narsani nazorat qilish muhim. Bartosh Ambrozkiyevich mototsikl haydovchisining holatidan kelib chiqib, o‘zini o‘zi boshqaruvchi ko‘zgu ixtiro qildi. Bu haqida "Kolyosa" nashri ma'lum qildi. 

Motosiklda sodir bo‘lgan avariyadan keyin polshalik ixtirochining miyasiga shunday g‘oya keldi. Baxtsiz hodisaga orqa tomondagi manzarani yetarlicha ko‘rsatib bera olmagan ko‘zgu sabab bo‘lgan. 

Bartosh kichik jamoa bilan ishlab, Zercado ko‘zgusini yaratdi, u smartfon yoki mototsikl haydovchisining uskunalaridagi bir necha datchikdan foydalanib, tana holatini aniqlaydi va manzarani maksimal darajada kattalashtirish uchun avtomatik tarzda unga moslashadi.

Ko‘zgularning asferik yuzasi "ko‘r" zonalarni bartaraf etadi, uning korpusiga burilishni ko‘rsatuvchi svetodiod (LED) takrorlovchi mahkamlangan. Zercado aksariyat sport va neyked mototsikllariga to‘g‘ri keladi va qo‘shimcha boshqaruv bloklariga ehtiyoj sezmaydi. 

Mazkur loyiha bir qator mukofotlarni qo‘lga kiritishga ulgurdi va hattoki eng yirik Microsoft Imagine Cup 2015 texnologik tanlovida g‘olib bo‘ldi. Intellektual ko‘zguning taxminiy bahosi 250 dollar atrofida bo‘lishi kutilmoqda.