Kolumbiya prezidenti va inqilobchilar yetakchisi 50 yillik qarama-qarshilikdan keyin tinchlik sulhini imzolashdi
Kolumbiya hukumati va Kolumbiyaning inqilobiy qurollangan kuchlari (FARC) Kuba poytaxti Gavanada o‘t ochish va harbiy harakatlarni to‘xtatish haqidagi ikki tomonlama va yakuniy kelishuvni imzolashdi. Bu kelishuv qurolni tashlash, xavfsizlikning kafolatlanishi va jinoiy tashkilotlarga qarshi kurashni ko‘zda tutadi.
Ushbu hujjatning asosiy bandlari orasida o‘t ochishni batamom tugatish, siyosatda qurolni ishlatishni taqiqlovchi yangi madaniyatni rivojlantirishga ko‘maklashish, kelishuv imzolangandan keyin 180 kunlik muddat ichida qurolsizlantirishni ta'minlash uchun "yo‘l xaritasini" ishlab chiqish bor.
Shu bilan birga kelishuvga amal qilinishi bo‘yicha Kolumbiya hukumati, FARC va Lotin Amerikasi va Karib havzasi davlatlari hamjamiyatiga a'zo davlatlar kuzatuvchilari bilan BMT vakillari kiradigan uch tomonlama mexanizm o‘rnatiladi.
Mutaxassislarning fikricha, hujjatning imzolanishi 50 yildan ko‘proq davom etuvchi va 260 ming kishining umriga zomin bo‘lgan mojaroning tomonlarini bir-biriga avval hech qachon bo‘lmagandek yaqinlashtirdi. Adovat oqibatida 45 ming kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanadi, o‘z uyini tark etgan odamlar soni esa 6,9 mln kishini tashkil qiladi. Kolumbiya hukumati va FARC o‘rtasidagi qarama-qarshilikda boshqa isyonchi tashkilotlar, qurollangan otryadlar, giyohvandfurushlar guruhlari va kuch tuzilmalari ishtirok etib kelgan.
Tinchlik sulhining imzolanishi marosimida FARC yetakchisi Timoleon Ximenes va Kolumbiya prezidenti Xuan Manuel Santos hamda tinchlik jarayoniga guvoh davlatlar vakillari sifatida Kuba davlat kengashi va vazirlar kengashi raisi Raul Kastro va Norvegiya tashqi ishlar vaziri Byorge Brende ishtirok etdilar.