O‘zbekiston | 23:15 / 29.06.2016
8273
3 daqiqa o‘qiladi

Islom Karimov xorij davlatlarining O‘zbekistondagi yangi elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 29 iyun kuni Oqsaroyda Polsha Respublikasi, Vengriya Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Koreya Respublikasi va Afg‘oniston Islom Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchilari etib tayinlangan Petr Ivashkevich, Peter Santo, Yerik Utembayev, Sodiq Imomiy, Kvon Yon U, Sayid Shahobiddin Temuriydan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.

Davlatimiz rahbari Yevropa va Osiyo diplomatik missiyalari rahbarlarini samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston ushbu davlatlar bilan o‘zaro munosabatlarni izchil rivojlantirishga alohida ahamiyat berishini ta'kidladi va ularning mas'uliyatli faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi. 

Polsha elchisi bilan uchrashuvda mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganidan buyon o‘tgan 24 yil davomida ko‘p qirrali va samarali muloqot yo‘lga qo‘yilib, siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro hamkorlik bo‘yicha ijobiy tajriba to‘plangani va hamkorlikning qariyb 50 hujjatdan iborat salmoqli shartnomaviy-huquqiy asosi shakllangani ta'kidlandi.  

Vengriya elchisi bilan suhbatda O‘zbekistonda Vengriyaga mamlakatimizning Sharqiy Yevropa va umuman, Yevropa ittifoqidagi an'anaviy va muhim sherigi sifatida qaralishi qayd etildi.  

Yerik Utembayev bilan suhbatda O‘zbekiston va Qozog‘iston mustaqillikka erishganidan buyon o‘tgan 25 yil davomida mamlakatlarimiz va xalqlarimizning uzoq muddatli umumiy manfaatlariga asoslangan hamkorlikning yangi darajasiga erishilgani ta'kidlandi. 

Tojikiston elchisi bilan uchrashuvda o‘zbek va tojik xalqlarining taqdirini umumiy tarix, ma'naviy qadriyat va an'analar bog‘lab turishi ta'kidlandi. Toshkentda bo‘lib o‘tgan ShHT sammiti asnosida O‘zbekiston va Tojikiston rahbarlari o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuv hamda unda erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston – Tojikiston munosabatlarini yanada rivojlantirishga xizmat qilishi qayd etildi.  

Koreya Respublikasi elchisi bilan suhbatda Janubiy Koreyaning Bosh vaziri Xvan Gyo Anning yaqinda O‘zbekistonga kelgani va 21 may kuni keng ko‘lamli qo‘shma loyiha – Ustyurt gaz-kimyo majmuasi qurilishi yakunlangani va uning rasmiy ochilishiga bag‘ishlab o‘tkazilgan marosim mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik tobora mustahkamlanib borayotganining yana bir yorqin tasdig‘i bo‘lgani ta'kidlandi.  

Afg‘oniston elchisi bilan uchrashuvda ko‘p asrlik yaqin qo‘shnichilik va bir-biriga yordam berish an'analari O‘zbekiston bilan Afg‘oniston o‘rtasidagi hamkorlikning mustahkam asosi ekani qayd etildi.  

Prezidentimizning xorijiy davlatlar elchilari bilan suhbati chog‘ida mintaqaviy va xalqaro siyosatga doir dolzarb masalalar ham muhokama etildi.