Messi Argentina terma jamoasini tark etish qarorini o‘zgartirmoqchi emas
Argentinalik hujumchi Lionel Messi terma jamoa safidagi faoliyatini davom ettirish niyatida emas. Bu haqda El Mundo Deportivo nashri futbolchiga yaqin bo‘lgan manbalarga asoslanib, xabar tarqatdi.
Argentina Amerika Kubogi-2016 finalida Chili terma jamoasiga penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘lganidan so‘ng, Messi terma jamoani tark etishi haqida e'lon qilgan edi.
Shundan so‘ng uning muxlislari va hatto Argentina prezidenti Maurisio Makri ham undan terma jamoaga qaytishni so‘ragandi.
Messi 2008 yili Argentina olimpiya terma jamoasi safida Pekin Olimpiadasi g‘olibi bo‘lgan, 2005 yilda esa yoshlar o‘rtasidagi jahon chempioni bo‘lgan. Ammo Lionel Messi Argentina milliy terma jamoasi bilan yirik turnirlarda biror marta ham bosh sovringa ega bo‘lmagan.