19:31 / 21.07.2016
5945

“Eng yaxshi ishchi kasb egasi” tanlovining mamlakat bosqichi bo‘lib o‘tmoqda

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi tomonidan Vatanimiz mustaqilligining 25 yilligiga bag‘ishlab “Eng yaxshi ishchi kasb egasi” tanlovi tashkil etildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Tanlovning quyi bosqichlarida 2,5 mingga yaqin  yigit-qiz  qatnashdi. Ular payvandlash, qishloq ho‘jaligi mashina va jihozlariga xizmat ko‘rsatish, ulardan foydalanish va ta'mirlash, qurilish-pardozlash ishlari, umumiy qurilish ustasi, tikuvchilik, tikuv buyumlari ishlab chiqarish, sartaroshlik, kosmetologiya, oshpazlik kabi ko‘plab sohalarda o‘zlari erishgan yutuq va mahoratini namoyish etdi. Tanlovning hududiy bosqichlari yakunlariga ko‘ra g‘olib deb topilgan 86 yosh mazkur loyihaning mamlakat bosqichida qatnashish imkoniga ega bo‘ldi. 

Shu kunlarda 3 bosqichda va 7 nominatsiyada tashkil etilgan tanlovning mamlakat bosqichi bo‘lib o‘tmoqda. Unda ishtirokchilarning bilim va mahoratlari nazariy (test savollari) va amaliy (kasbiy-amaliy topshiriqlar) sinovdan o‘tkazilmoqda. 

Bir necha bosqichda o‘tkazilayotgan ushbu tanlovda ayrim nominatsiyalar bo‘yicha dastlabki g‘oliblar aniqlandi. Jumladan, «Payvandlash ishlari (mexanik) texnigi» nominatsiyasi bo‘yicha birinchi o‘rinni «O‘zbekiston metallurgiya kombinati» aksiyadorlik jamiyati gaz-elektr payvandchisi Artyom Olxoliqov qo‘lga kiritdi. “Qishloq xo‘jaligi mashina va jihozlariga xizmat ko‘rsatish mexanigi” nominatsiyasi bo‘yicha birinchi o‘ringa Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi Hazorbog‘ qishloq xo‘jalik kasb-hunar kolleji bitiruvchisi Shamsiddin Magatov munosib topildi. “Qurilish-pardozlash ishlari ustasi” nominatsiyasi bo‘yicha birinchilikka Xorazm viloyati Honqa tumanidagi qurilish kasb-hunar kollejining 3-bosqich o‘quvchisi Ruslan Abduraimov sazovor bo‘ldi. “Umumqurilish ishlari ustasi” nominatsiyasida birinchi o‘rin Termiz arxitektura va qurilish kasb-hunar kollejining 3-bosqich o‘quvchisi Oybek Sodiqovga berildi.  

G‘oliblarga Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashining diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Top