Jahon | 21:45 / 02.08.2016
6049
1 daqiqa o‘qiladi

Eronlik xakerlar Telegram’ning o‘nlab akkauntlariga buzib kirdilar

Foto: REUTERS

Eronlik xakerlar Telegram messenjeridan foydalanuvchi 15 mln eronlikning telefon raqamlarini bilib oldilar. Ular shuningdek o‘nlab akkauntlarga buzib kirganlar, deb xabar bermoqda Reuters axborot agentligi. 

Agentlik bu xabarni berishda Amnesty International tashkilotining kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislari Kollin Anderson va Klaudio Djarneriga iqtibos keltirgan. Mutaxassislar xakerlar kirgan akkauntlar jurnalistlar va faollarga tegishli bo‘lganini ma'lum qilishgan. Ular buzib kirishga Rocket Kitten xakerlik guruhi javobgar ekanligini aytishgan va hujumni  Eron hukumati bilan bog‘lashdan bosh tortishgan.

Ta'kidlanishicha, buzib kirishga messenjer qurilmalarni identifikatsiya qilish uchun sms-xabarlardan foydalangani sababli erishilgan. Mutaxassislarning aytishicha, buzib kirish uyali aloqa operatorlarining xakerlar bilan hamkorligi tufayli yuz bergan.  

Telegram vakili Markus Ra bu holatni rad etmadi, biroq foydalanuvchilarga ikki karra identifikatsiyadan foydalanishni tavsiya qildi.