Jahon | 09:41 / 03.08.2016
7848
2 daqiqa o‘qiladi

KXDR uchirgan raketa favqulodda holatda Yaponiya iqtisodiy zonasi hududiga tushgan

KXDR tomonidan uchirilgan ballistik raketalarning biri favqulodda holatda Yaponiya iqtisodiy hududiga tushgan. Bu haqda mamlakat Mudofaa vaziri Gen Nakatani jurnalistlarga ma'lum qildi.

"Raketa taxminan 1 ming km uchgan va Yaponiyaning g‘arbidagi Oga yarimoroli (Akita prefekturasi)dagi iqtisodiy zonaning 250-kilometrida qulab tushgan. Biz KXDRning harakatlaridan tashvishdamiz, bu harakatlar Yaponiya xavfsizligiga tahdid solmoqda", degan u.

Nakatanining so‘zlariga ko‘ra, KXDR "Nodon" tipidagi uzoq masofaga mo‘ljallangan raketani uchirgan. Ayni vaqtda keltirilgan zarar miqdori hisoblanmagan.

Shuningdek, Yaponiya hukumati Pekindagi diplomatik aloqalari orqali KXDRga bu hodisa bo‘yicha qat'iy e'tirozlarini bildirgan.

Bundan oldinroq Janubiy Koreya Shtab boshliqlarining birlashgan qo‘mitasi vakili 2 avgust kuni shimolliklar Xvanxe-Namdo provinsiyasidan Yapon dengizi yo‘nalishida ballistik raketa uchirgani haqida ma'lum qildi.

Keyinroq AQSh tomoni shimolliklar bir emas, ikkita raketa uchirgani, ulardan biri portlab ketib, ikkinchisi Yapon dengiziga tushgani haqida bayonot berdi.

KXDR oxirgi marta 19 iyul kuni "Nodon" tipidagi o‘rta masofaga harakatlanuvchi 2ta raketa hamda "Skad" tipidagi kichik masofaga harakatlanuvchi bitta raketa uchirgandi.