O‘zbekiston | 19:46 / 04.08.2016
5795
2 daqiqa o‘qiladi

LG CNS O‘zbekiston “elektron hukumat”ini yangilaydi

Janubiy Koreyaning LG CNS kompaniyasi 2016-2017 yillar davomida O‘zbekistonda davlat xizmatlarining yagona portalini yaratadi. Bu haqda Sputniknews-uz.com xabar tarqatgan.

“Davlat xizmatlari portalining yangi ko‘rinishi davlat xizmatlari haqqini elektron to‘lovlar yordamida amalga oshirish va elektron pul o‘tkazish tizimini ham o‘z ichiga qamrab olgan bo‘ladi”, — deyilgan manba xabarida.

Loyiha birgalikda tashkil qilingan LG SNS Uzbekistan qo‘shma korxonasi tomonidan amalga oshiriladi. 2015 yilning sentabr oyida tashkil qilingan korxona sarmoyadorlari LG CNS (51 foiz) hamda “O‘zbektelekom” va “Ilmiy-texnik va marketing tadqiqotlari markazi” DUK birgalikda (49 foiz)ni tashkil qildi. Qo‘shma korxona “Elektron hukumat” tizimi doirasida va iqtisodning boshqa sohalarida jami 15ta loyihani amalga oshirishni rejalashtirgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda elektron hukumat tizimi 2013 yilda prezident Islom Karimovning hukumatga bergan topshirig‘idan boshlangan edi. Bugungi kunda “Elektron hukumat” tizimining 20dan ortiq loyihasi ishga tushirilgan. 2015 yil 9 dekabr kuni prezident «Elektron hukumat to‘g‘risida»gi qonunga imzo chekdi. 

LG CNS kompaniyasiga 1987 yilda LG korporatsiyasi tomonidan asos solingan. U Janubiy Koreyada axborot texnologiyalari sohasida xizmat ko‘rsatuvchi eng yirik kompaniyalardan biri hisoblanadi. Dunyo bo‘yicha o‘ndan ortiq hududiy ofisiga ega bo‘lib, ulardagi xodimlar soni olti ming kishini tashkil etadi.