Jamiyat | 19:53 / 10.08.2016
5349
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda Janubiy koreyalik mutaxassislar ishtirokida tibbiy ko‘rik tashkil etildi

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va Janubiy Koreyaning “Ewha Womans University” gospitali o‘rtasida tuzilgan hamkorlik kelishuviga asosan Andijon viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida tibbiy ko‘rik tashkil etildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Ortoped, kardiolog, pediatr, terapevt, stomatolog, ginekolog, gematolog-onkolog kabi mutaxassislar hamda talabalar va ko‘ngillilardan iborat Janubiy Koreya delegatsiyasi a'zolari mamlakatimiz shifokorlari bilan hamkorlikda tug‘ma yurak nuqsoni, terining kuyish asoratlari, qo‘l-oyoq bo‘g‘imlari va boshqa xastaliklar bilan og‘rigan bemor bolalarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi.

Tadbir doirasida Janubiy koreyalik shifokorlar Andijon davlat tibbiyot instituti faoliyati bilan tanishdi, institut talaba va magistrlari uchun ortopediya va kardiologiya bo‘yicha ma'ruzalar o‘qidi, shuningdek, tibbiy ta'limning samaradorligini oshirish, tajriba almashish yuzasidan muloqotlar o‘tkazdi. 

Tibbiy tekshiruvlarda xorijlik shifokorlar tomonidan zarur tavsiya va maslahatlar, bepul dori-darmonlar berildi.