Putin Ivanovni nima uchun lavozimidan ozod etganiga oydinlik kiritdi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin ma'lum qildiki, prezident ma'muriyatining sobiq rahbari Sergey Ivanov o‘zini boshqa ishga o‘tkazishni so‘ragandi. Bu haqda «Vesti.Ru» xabar berdi.
U shuningdek Ivanov o‘z o‘rniga Anton Vaynoni ma'muriyatning yangi rahbari etib tayinlashni tavsiya etgani haqida aytgan. Putin Ivanov hamisha o‘z vazifasini yaxshi bajarib kelganini ta'kidlagan.
«Hurmatli Sergey Borisovich, biz siz bilan uzoq yillar davomida birga hamkorlik qilib keldik. Muvaffaqiyatli ishladik. Men siz o‘zingizga berilgan topshiriqlarni kutilganidek uddalaganingizdan mamnunman», — degan Putin.
Bundan oldinroq Putin prezident ma'muriyati rahbari Sergey Ivanovni ishdan olib, uning o‘rniga Anton Vaynoni qo‘ygani xabar qilingandi. Endi Ivanov Rossiya prezidentining Tabiatni muhofaza qilish, ekologiya va transport masalalari bo‘yicha maxsus vakili sifatida ish olib boradi.