Maishiy texnikalar orasiga giyohvand moddalarni yashirin olib kirgan to‘daning qilmishi fosh bo‘ldi
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tadbirlarda og‘ufurushlarning bir guruhi faoliyatiga chek qo‘yildi. Xorazmlik Said Ganjayev, Mehroj Saidov, Ilhom To‘lanov, Ravshan Yo‘ldoshev hamda samarqandlik Jamol Rasulov, Mamatqul Muslimov va Jasur Bozorovlar (ism-shariflar o‘zgartirilgan) jinoiy guruhga birlashadilar. Bu haqda «Huquq» nashri yozmoqda.
Ular Tojikiston Respublikasidan kirib kelgan giyohvand moddalar oldi-sotdisi bilan muntazam shug‘ullanib kelishgan. Jumladan, 2012 yilning iyun oyida 1 kilogramm, o‘sha yilning dekabr oyida esa yana 2 kilogramm “opiy” giyohvandlik moddasini O‘zbekiston hududiga olib kirib sotishga muvaffaq bo‘lishadi. 2013 yilning may oyida jinoiy guruh tomonidan yana 6 kilogramm “opiy” olib kelib, sotib yuboriladi. 2013 yilning oktabr oyida 5 kilogramm “opiy”ni Toshkent shahridagi «Abu Saxiy» buyum bozoriga olib kelishadi.
Huquqni muhofaza qilish organlarining hushyor va sergak xodimlari jinoiy guruhning «biznes»iga chek qo‘yishdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi ularning har birini uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etib, hukm chiqardi.