Sport | 15:50 / 24.08.2016
5513
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiya 2020 yilgi Olimpiya o‘yinlarining bir qismini Fukusima prefekturasida o‘tkazishi mumkin

2020 yilgi Olimpiada mezbonlik qiladigan Yaponiya beysbol va softbol sport turlari bo‘yicha musobaqalarni 5 yil oldin «Fukusima-1» atom elektr stansiyasidagi avariya yuz bergan Fukusima prefekturasi hududida o‘tkazishi mumkin. Bu haqda "Kaxoku simpo" gazetasi xabar bergan.

Manba ma'lumotiga ko‘ra, Fukusimadagi Yaponiya Liberal-demokratik partiyasi vakillari Tokioga kelib, mamlakat Sport ishlari vaziri Tamayo Marukavo bilan uchrashgan. Ular Fukusimada turnirni yoki undan oldingi musobaqalarni o‘tkazishni so‘ragan.

LDPning Fukusimadagi vakili Takumi Nematoning gazetaga ma'lum qilishicha, Tokio Olimpiadasi xalqaro hamjamiyatning Fukusimani tiklash ishlariga e'tibor qaratishiga turtki bo‘lishi mumkin.

O‘z navbatida vazir Marukava bu masalani ko‘rib chiqishga va'da bergan.

2011 yilning 11 mart kuni Yaponiyada mamlakat tarixidagi eng kuchli yer silkinishi sodir bo‘ldi. U o‘zidan so‘ng shiddatli sunamini keltirib chiqardi. Silkinishdan bir soat o‘tib, Senday aeroporti suv ostida qolib ketdi. To‘rt metr balandlikdagi to‘lqinlar avtomobil va samolyotlarni yuvib ketar, binolarni yer bilan bitta qilardi. Tabiiy ofat «Fukusima-1» atom elektr stansiyasidagi avariyaga olib keldi. Texnogen fojia tufayli 120 ming kishi evakuatsiya qilindi. Zilzila va sunami oqibatida halok bo‘lganlar soni 16 ming kishini tashkil qildi, yana 20 ming kishi dom-daraksiz ketgan deb hisoblangan, 6 ming kishi jarohat oldi.

Halokat oqibatlaridan to‘la forig‘ bo‘lish uchun 40 yil talab etilishi aytilgan.

Mavzuga oid