Jahon | 20:52 / 02.09.2016
9950
2 daqiqa o‘qiladi

Putin AQShdagi xakerlik xurujlariga izoh berdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiyaning AQSh Demokratik partiyasi serverlariga uyushtirilgan xakerlar xurujiga o‘z qarashini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, rasmiy Moskvaning xakerlar ishiga umuman aloqasi yo‘qdir. 

Putin, Amerika hukumatining xakerlik xurujlarida Rossiyani ayblashiga oid da'vosini jamoatchilikning e'tiborini asosiy mavzudan chalg‘itish deb baholadi. 

"Mening bundan umuman xabarim yo‘q. Rossiya esa, davlat darajasida bu ish bilan shug‘ullanmaydi", — deb bayonot bergan Rossiya yetakchisi Blumberg agentligiga bergan intervyusida. 

"Rossiya hukumatining bu hodisa bilan umuman aloqasi yo‘q", — deb uqdirgan Putin. 

Prezident shuningdek, Rossiya partiya maxfiy ma'lumotlarini e'lon qilish bilan AQShdagi prezidentlik sayloviga ta'sir ko‘rsatmoqchi bo‘layotgani to‘g‘risidagi ayblovni rad etdi. 

"Buning uchun Qo‘shma Shtatlar ichki siyosiy hayotidagi o‘ziga xosliklarni juda yaxshi bilish lozim. Bizning tashqi ishlar vazirligidagi mutaxassislarimiz ham u darajada bilishiga ishonmayman", — degan Putin.

Amerika siyosatchilarining fikricha, Rossiya Amerika prezidentlik saylovida Klinton xonimning raqibi, respublikachi Donald Tramp uchun xizmat qilishi mumkin.


 

Mavzuga oid