Jahon | 02:00 / 04.09.2016
5392
2 daqiqa o‘qiladi

Tailandda poyezd ostida portlovchi qurilma portladi

Tailand janubidagi temir yo‘llarda poyezd ostida portlovchi qurilma portlashi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda politsiyaga iqtibos keltirgan holda Reuters axborot agentligi.

Portlovchi qurilma Pattani viloyatida temir yo‘l izlari ostiga yashirilgan bo‘lgan. Portlash oqibatida poyezdning oxirgi vagoni shikastlangan, temir yo‘l izlarida esa katta o‘ra paydo bo‘lgan.

Bir nafar temir yo‘l xizmatchisi halok bo‘lgan, yana uch kishi – ikki nafar temir yo‘l xodimi va bir yo‘lovchi jarohat olgan.

Bir kun avval Tailand hukumati va islom ayirmachilari qurolli tuzilmalari vakillari qo‘shni Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurda o‘tgan norasmiy uchrashuvda Tailand janubidagi uchta viloyatda "xavfsizlik hududlarini" yaratish haqida kelishib olgandilar. Bu yerlarda 2004 yildan beri mamlakat xavfsizlik kuchlari va ayirmachi tashkilotlar jangarilari o‘rtasida kurash bormoqda. Ayirmachilar Tailand hududida o‘tmishda mavjud bo‘lgan mustaqil Pattani sultonligini tiklashni talab qilmoqdalar.

Pattani, Narativat va Yalla viloyatlari buddaviy Siam (hozirgi Tailand) tomonidan 20-asr boshida Siam va hozirgi Malayziya hududini egallagan Buyuk Britaniya bilan o‘zaro muzokaralar natijasida  qo‘shib olingan Pattani sultonligi tarkibiga kirgan. Aksariyat aholisi islom diniga e'tiqod qiluvchi malaylar hisoblanuvchi hududda bir necha marotaba ayirmachi harakatlar vujudga kelgan.

2004 yilda boshlangan ixtilof oqibatida qo‘lbola bombalar portlashi va otishmalar oqibatida uchta viloyatda 6,5 mingdan ko‘proq odam, asosan fuqarolar halok bo‘lgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid