Fan-texnika | 16:11 / 27.09.2016
5508
2 daqiqa o‘qiladi

Audi bosh muhandisi iste'foga chiqarildi

Audi kompaniyasi bosh muhandisi va boshqaruv kengashi a'zosi Shtefan Knirsh iste'foga chiqdi, deb xabar qilmoqda Germaniya avtomobilsozlik kompaniyasi matbuot xizmati. 

Knirsh 1990 yilda Audi kompaniyasining dvigatellarni konstruktorlash bo‘limiga ishga kirgan. Mutaxassis 1996 yili Porsche kompaniyasiga o‘tib, 2001 yildan yangi motorlar ishlab chiqarish bo‘limiga rahbarlik qila boshladi. U 2013 yili Audi kompaniyasiga qaytib, direktorlar kengashi tarkibiga kirdi. Knirsh 2016 yil 1 yanvaridan kompaniyaning tadqiqotlar va yangi ishlanmalar bo‘limiga rahbarlik qila boshladi. 

Ayni vaqtda, uning iste'fosi sababiga oydinlik kiritilmayapti. Biroq, Audi matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, bosh muhandis direktorlar kengashi qaroriga binoan lavozimini tark etgan. 

Automotive News nashrining nemis matbuotiga asoslangan holda yozishicha, Knirshning iste'fosi Volkswagen konserni bilan yuz bergan «dizel mojarosi» bilan bog‘liq. Amerikaning Jones Day yuridik firmasi o‘tkazgan tekshiruvlarga ko‘ra, Knirsh Audi kompaniyasining 3 litrli motorlariga joylangan «aldovchi qurilmalar»dan xabardor bo‘lgan, ammo qasamyod qila turib yolg‘on ko‘rsatmalar bergan. 

«Dizel mojarosi» 2015 yil sentabrida, AQShning atrof-muhitni himoya qilish agentligi (EPA) VW kompaniyasini dizel motorlarida firibgarlikka imkon beruvchi qurilmadan foydalanishda ayblagach, ro‘y bergan edi. Maxsus dastur sinovlar vaqtida o‘lchash qurilmasi qo‘yilganida motorlarni «toza tartib»ga o‘tkazgan. Buning natijasida, motordan chiquvchi zaharli gazlar miqdori bir necha o‘n martaga muvaqqat kamaygan. 

«Dizelgeyt»dan ko‘p o‘tmay, Germaniya konsernining bosh direktori Martin Vinterkorn iste'foga chiqdi. Bundan tashqari, VW rahbariyati Volkswagen, Audi va Porsche kompaniyalarining bosh muhandislarini ishdan oldi. 

Mavzuga oid