Fan-texnika | 20:02 / 08.10.2016
11857
3 daqiqa o‘qiladi

Avstraliyalik fermerlar cho‘lda quyosh energiyasi yordamida sabzavotlar yetishtirmoqdalar

Foto: hi-news.ru

Avstraliya cho‘lining janubida butkul quyosh energiyasi va chuchuklashtirilgan dengiz suvida ishlovchi Sundrop Farms fermasi joylashgan. Bu yerda barcha sabzavotlar cho‘l hududida qurilgan issiqxonalarda yetishtiriladi. Ferma chuchuk suv, zarur yer va elektr energiyasi bo‘lmagan sharoitlarda boshoqli o‘simliklar o‘stirish usulini topmoqchi bo‘lgan bir guruh tashabbuskorlarning tadqiqoti natijasi bo‘ldi. Tadqiqotchilarning ta'kidlashicha, yeguliklarni bunday sharoitlarda yetishtirishni o‘rganish lozim, chunki toza suv va yaxshi tuproq borgan sari kamayib bormoqda.

Oddiy issiqxonalarda sug‘orish uchun chuchuk suv, yorug‘lik va ma'lum haroratni ushlab turish uchun elektr energiyadan foydalaniladi, xonalarni isitish uchun gaz o‘tkaziladi. Biroq bularning barchasi bo‘lmasa-yu, ammo yeyishni istasang, unda nima qilish kerak? Marhamat, mana buning yechimi: quyosh batareyalari o‘simliklar uchun maqbul haroratni ushlab turish uchun yetarlicha elektr energiya ishlab chiqaradi va shu bilan birga sho‘r dengiz suvini chuchuklashtiruvchi stansiyalarni elektr energiya bilan ta'minlaydi. Shundan keyin bunday suv bilan sabzavotlarni muammosiz sug‘orish mumkin!

Fermada o‘rnatilgan oynalar kun bo‘yi quyosh ortidan burilib turadi, bunday yo‘l bilan olingan quyosh energiyasi neft solingan idishni qizdiradi. Idish Tselsiy bo‘yicha 160 gradusgacha qizdirilgach, undan sho‘r suv bug‘lanadi. Bug‘ issiqxonalarni isitish uchun va elektr energiya ishlab chiqarish uchun ishlatiladi. Elektr energiya suvni chuchuklashtirish stansiyasi uchun ham kerak bo‘ladi. Olingan suvga sug‘orishdan oldin oziqaviy moddalar qo‘shiladi.

3 yil avval ferma asoschilari hozirdagidek natijalarga erishishni faqatgina orzu qilishardi, biroq o‘shanda ham natijalar yomon bo‘lmagan. Ferma faoliyatining ikkinchi yilida yil oxirida bir tonnaga sabzavot olishga muvaffaq bo‘lingan. Hozir esa issiqhonalarda 17 tonna hosil yetishtirilmoqda.

Hammasi yaxshiyu, biroq ferma egalari barcha sarflangan mablag‘lar o‘zini qanchalik tez oqlashi haqida ma'lumot berishmagan.

Mavzuga oid