O‘zbekiston | 20:29 / 13.10.2016
14135
5 daqiqa o‘qiladi

Bojxonachilar O‘zbekiston hududiga pornografik mazmundagi materiallar olib kirilishiga chek qo‘yishdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksportini rag‘batlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 1997 yil 10 oktabrdagi PF-1871 sonli Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi va insoniyat xavfsizligiga qarshi, hududiy yaxlitlikni, davlat suveriniteti va siyosiy mustaqillikni buzishga qaratilgan bosma nashriyot maxsulotlari, qo‘lyozmalar, klishe, rasmlar, fotosuratlar, fotoplyonkalar, negativlar, kino, video va audio maxsulotlari, ovoz yozilgan materiallar, shuningdek urush, terrorizm, zo‘ravonlik, milliy ajratish va diniy qarshilik, rasizm va uning turlarini (antisimizm, fashizm) targ‘ib etuvchi hamda pornografik mazmundagi materiallarni olib kirish taqiqlangan.

Shunga qaramay, bojxona chegaralari orqali jismoniy shaxslar tomonidan noutbuk, qo‘l telefoni va boshqa axborot tashuvchi vositalarda behayolikni targ‘ib etuvchi materiallarni olib o‘tishga bo‘lgan urinishlar tez-tez uchramoqda. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati katta inspektori Husen Tangriyev ma'lum qildi.

Samarqand xalqaro aeroportida Sankt-Peterburgdan uchib kelgan fuqaro O.Tillayev (maqoladagi barcha ism-shariflar o‘zgartirilgan) behayo tomoshalarning “ishqiboz”laridan biri ekan. Gap shundaki, bojxona nazoratidan o‘tish vaqtida, unga tegishli qo‘l telefoni ko‘zdan kechirilganda, 72 dona behayo mazmundagi foto va video materiallar borligi aniqlandi.

Shahvoniy sahnalar aks etgan 200 dan ortiq videolavhaga telefonidan joy ajratgan jizzaxlik K.Tadjiyev ham Vnukovodan qaytar ekan, Samarqand aeroportida bojxonachilar qarshisida yer chizib qoldi.

Xorijdan yangiyo‘llik V.Olga nomiga yuborilgan pochta jo‘natmasi Toshkent shahar bojxona boshqarmasi “Boshpochtamt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari tomonidan bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, mazkur jo‘natmada behayolikni targ‘ib etuvchi 3 dona kitoblar yuborilganligi aniqlandi.

“Chelyabinsk-Toshkent” reysi bo‘yicha poyezdda kirib kelgan yo‘lovchi, farg‘onalik B.Ahrorov noutbukiga 370 donadan ortiq behayo fotosuratlarni jamlagan, ammo, bojxona chegarasini kesib o‘tish vaqtida, ularni o‘chirib tashlashni “unutib” qo‘yibdi. Natijada “Keles” temir yo‘l chegara bojxona postida biroz “ushlanib” qolishiga to‘g‘ri keldi.

Qo‘l telefoni vositasida behayolikni o‘ziga doimiy “hamroh” qilganlardan yana biri xazorasplik B.Kenjayev ekan. “Moskva-Urganch” reysi bo‘yicha parvozini yakunlagan ushbu shaxsning qo‘l telefoni amaldagi tartiblarga muvofiq ko‘zdan kechirilganda, uning xotirasida 94 dona behayolikni targ‘ib etuvchi foto va video materiallar borligi fosh bo‘ldi.

“G‘ishtko‘prik” bojxona kompleksi orqali qo‘shni davlatdan kirib kelgan fuqaro O.Tursunov uyali aloqa vositasi xotirasida 104 dona behayo mazmundagi video fayllarni olib kirishga uringan paytda to‘xtatib qolindi.

Shuningdek, mazkur kompleksda bojxonachilar poytaxtlik R.Turgunovning ham qing‘ir qilmishlariga chek qo‘yishdi. U bojxona nazoratidan yashirincha telefon xotira kartasida 277 dona video va foto materiallarni olib kirishga uringani aniqlandi.

Buxoro aeroportida Moskvadan uchib kelgan A.Jumayevning qo‘l yuklari bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, unga tegishli qo‘l telefoni xotirasiga 173 dona behayo mazmundagi videolavha joylashtirganligi aniqlandi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda. 

Ta'kidlash joizki, joriy yilning o‘tgan 9 oyi mobaynida respublikamiz bojxonachilari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan 2200 dan ortiq bojxona qoidabuzarliklari natijasida 67,8 ming donadan ortiq turli shakldagi behayo mazmundagi materiallarning noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘yildi. 

Mavzuga oid