Jahon | 07:00 / 15.10.2016
8646
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an Mo‘sulni shturm qilishga qo‘shin yuborishga va'da berdi

Foto: Liu Ying / Xinhua / Zumapress / Globallookpress.com

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Anqara Iroqning Mo‘sul shahrini IShID jangarilaridan ozod qilish bo‘yicha operatsiyada ishtirok etmoqchi ekanligini ma'lum qildi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda.   

Agar Bag‘dod va Vashington turk harbiylarining yordamidan voz kechsa, Erdo‘g‘an "B reja"ni amalga oshirishga va'da berdi. Bu reja nimadan iboratligini Erdo‘g‘an oshkor qilmagan.

13 oktabrda Erdo‘g‘an matbuot kotibi Ibrohim Qalin Anqara Mo‘sulni ozod qilish bo‘yicha operatsiyaning salbiy oqibatlari – yuz minglab qochqinlar Turkiya chegarasiga yopirilishi mumkinligidan xavfsirayotganini aytgandi. U Mo‘sul uchun jangda katta rol kurd tuzilmalariga berilayotganidan norozilik bildirgan. Qalinning aytishicha, uning davlatida Iroqqa nisbatan hech qanday yashirin rejalar yo‘q.

29 sentabrda BMTning qochqinlar ishlari bo‘yicha oliy komissarining Iroqdagi vakili Bruno Gedde Mo‘sulni ozod qilish gumanitar falokatga olib kelishi, qochqinlar soni esa millionga yaqinni tashkil qilishi mumkinligidan ogohlantirgandi.

Mo‘sul Iroqning yirikligi bo‘yicha ikkinchi shahri bo‘lib, u 2014 yildan beri IShID nazoratida qolmoqda.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid