Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Harbiy tibbiyot sohasida Turkiya bilan hamkorlik rivojlantiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 8 iyun kuni mudofaa sohasidagi ayrim masalalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Taqdimotda havo sarhadlarini himoya qilishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish, aviatsiya bo‘linmalarini zamon talablariga mos ravishda qayta tashkil qilish bo‘yicha taklif etilayotgan chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi.
Bu ishlar Harbiy havo kuchlarining jangovar qobiliyati va amaliy imkoniyatlarini yanada oshirishga, qo‘shinlarning tezkorligi, harakatchanligi va zamonaviy tahdidlarga javob berish salohiyatini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, harbiy tibbiyot sohasida Turkiya bilan hamkorlikni rivojlantirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Prezident joriy yil yanvar oyida Turkiyaga tashrifi davomida ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida harbiy tibbiyot sohasida ta’lim va hamkorlik bitimi imzolangan edi.
Taqdimotda ushbu bitim doirasida amalga oshirilishi taklif etilayotgan choralar haqida axborot berildi. Mutaxassislarni davolash ishi, stomatologiya, farmatsevtika, profilaktika, tibbiy kasb-hunar va hamshiralik oliy ta’limi yo‘nalishlarida, magistratura va aspiranturada o‘qitish, harbiy shifokorlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, tibbiyotning ilmiy yo‘nalishlarida hamkorlik qilish, seminar, kongress va simpoziumlar o‘tkazish, o‘qituvchi, maslahatchi, ilmiy xodim va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma mashg‘ulotlar tashkil etish, bemorlarni birgalikda davolash hamda tibbiyot muassasalarini tashkil etish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilmoqda.

Taqdimotda mudofaa ishlari organlarida chaqiriluvchilarni qayd etish, tibbiy va chaqiruv komissiyalari faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha takliflar ham ko‘rib chiqildi. Mazkur jarayonlarning shaffofligi va tezkorligini oshirish, fuqarolar uchun qulaylik yaratish muhimligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, mudofaa ishlari organlari fuqaro xodimlarining ish haqini bosqichma-bosqich oshirish, harbiy xizmatchilarga Toshkent va Samarqand shaharlarida turar joy ijarasi uchun to‘lanadigan har oylik pul kompensatsiyasi miqdorini ko‘paytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Prezident qo‘shinlarning jangovar shayligi va tayyorgarligini oshirish, harbiy boshqaruv va ta’lim tizimiga ilg‘or tajribalarni joriy etish bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgilab berdi.
Mutasaddilarga harbiy ta’lim tizimidagi islohotlarni izchil davom ettirish, askarlarni kasbga o‘rgatish, ularni oliy ta’lim muassasalariga tayyorlash va buning uchun munosib sharoitlar yaratish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Mavzuga oid
21:09
Prezident 4-mis boyitish fabrikasi loyihasini ishlab chiqishni jadallashtirishni buyurdi
20:43
Sudyalar uchun daromad va mol-mulk deklaratsiyasini taqdim etish tizimi ishga tushiriladi
20:00
Bitiruvchilarining bandligini oshirishga qaratilgan yangi mexanizmlar joriy etiladi
14:33 / 07.06.2026