O‘zbekiston | 12:33 / 20.10.2016
11184
4 daqiqa o‘qiladi

Uchastka saylov komissiyalari tuzish va ularning faoliyatini tashkil etish tartibi eslatib o‘tildi

Foto: election.uz

2016 yilning 20 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi uchastka saylov komissiyalari faoliyatini samarali tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan respublika onlayn seminar-treningi o‘tkazildi.

Videokonferentsaloqa shaklida o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, okrug saylov komissiyalari a'zolari, deputatlar, saylov huquqi sohasi bo‘yicha olim va mutaxassislar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni Markaziy saylov komissiyasi raisi M. Abdusalomov boshqarib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning dolzarb vazifalariga to‘xtalib o‘tdi. Qayd etilganidek, saylov kampaniyasining barcha tadbirlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha Asosiy tadbirlar dasturiga qat'iy muvofiq ravishda o‘tkazilmoqda. Saylov komissiyalari o‘z faoliyatini qonunchilikda belgilangan tartibda mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik, adolatlilik kabi demokratik tamoyillar asosida amalga oshirmoqda.

Ta'kidlanganidek, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni asosida o‘tkazishda uchastka saylov komissiyalarining o‘rni muhim ahamiyatga ega. Qonunchilikka ko‘ra, uchastka saylov komissiyasi okrug saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida 40 kun qolganida 5–19 nafar a'zodan, shu jumladan, rais, rais o‘rinbosari va kotibdan iborat tarkibda tuziladi.

Shuningdek, uchastka saylov komissiyasi uchastka bo‘yicha saylovchilar ro‘yxatini tuzadi, saylovchilarni saylovchilar ro‘yxati bilan tanishtiradi, saylov o‘tkaziladigan kun va ovoz beriladigan joy haqida aholini xabardor qiladi, binoni ovoz berish uchun tayyorlab qo‘yadi, saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish va ovoz berishda qatnashish imkoniyati bo‘lmagan saylovchilarning muddatidan oldin ovoz berishini tashkil etadi. Shu bilan birga uchastka saylov komissiyasi ovozlarni sanab chiqadi, uchastka saylov komissiyasi saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda ovoz berishni uyushtirish masalalariga doir ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqib, ular yuzasidan qarorlar qabul qiladi.

Seminarda saylov uchastkalarini jihozlash, “Ona va bola” hamda tibbiyot xonalarini tashkil etish, komissiyaning samarali ish faoliyati uchun zarur shart-sharoit yaratish kabi masalalar muhokama etildi. Uchastka saylov komissiyalari faoliyatini moliyalashtirish, saylovchilar ro‘yxatini tuzishning o‘ziga xos xususiyatlari, ovoz berish jarayonini tashkil etish hamda o‘tkazishning huquqiy asoslari, muddatidan oldin ovoz berishni tashkil qilish singari mavzularda ma'ruzalar tinglandi.

Ekspertlar xalqaro va mahalliy kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan ishlash, joylarda saylovchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, saylovning ochiqligi va oshkoraligini ta'minlashda ommaviy axborot vositalarining roli haqida fikr yuritdilar.

Ta'kidlash kerakki, mazkur tadbir uchastka saylov komissiyalari ishini samarali tashkil etishga qaratilgan uch bosqichli seminar-treninglarning dastlabkisi hisoblanadi. Shunga o‘xshash seminar-treninglar viloyatlar va tumanlarda Markaziy saylov komissiyasi a'zolari hamda ekspertlari ishtirokida tashkil etiladi.

Tadbir ishtirokchilariga Markaziy saylov komissiyasi hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamkorligida yaratilgan uchastka saylov komissiyasi faoliyatini samarali tashkil etishga bag‘ishlangan o‘quv filmi namoyish etildi.

Seminar ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.

Mavzuga oid