Amnesty International: AQSh Suriyaning tinch aholi vakillari qurbon bo‘lganini tekshirishi lozim
Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘zi yetakchilik qilayotgan koalitsiya bergan havo zarbalari oqibatida tinch aholi vakillari qurbon bo‘lgani haqidagi ma'lumotlarni tekshirishi lozim. Amnesty International huquqni himoya qilish tashkiloti e'lon qilgan hisobotda shu haqda so‘z boradi.
Tashkilot saytida yozilishicha, huquq himoyachilari turli manbalardan olingan axborotlarni tahlil qilib, xulosa qilishicha, AQSh QKlarining Suriyadagi qo‘mondonligi tinch aholi vakillarini himoya qilish uchun choralar ko‘ra olmagan.
Amnesty International tashkilotining Bayrutdagi idorasi vakili Linn Maalufning taxminicha, Qo‘shma Shtatlar o‘zlari yetkazgan talofat ko‘lamini jiddiy baholamayapti.
Uning aytishicha, AQSh hukumati tinch suriyaliklarga yetkazilgan zararni oshkora muhokama qiladigan vaqt kelgan.
Huquqni himoya qilish tashkilotlari o‘tkazgan tadqiqotlarga ko‘ra, koalitsiya Suriyadagi amaliyotlarini boshlaganidan beri 600-1000 kishi atrofidagi fuqaro koalitsiya zarbalari oqibatida bevaqt hayotdan ko‘z yumgan.
Rossiya Bosh shtabi Iroqning Mo‘sul shahri va qo‘shni aholi punktlarida tinch aholi vakillari qurbon bo‘lgani xususida ma'lum qildi. Rossiya shtabiga ko‘ra, AQSh yetakchiligidagi koalitsiya bergan havo zarbalari oqibatida uch kun ichida 60dan ortiq tinch aholi vakillari hayotdan ko‘z yumgan, 200dan ortiq odam yaralangan.
Bunga javoban, Qo‘shma Shtatlar Mo‘sul janubiga berilgan havo zarbalari oqibatini tergov qilishga tayyorligini bildirgan edi.