Jamiyat | 07:18 / 26.10.2016
6758
2 daqiqa o‘qiladi

Arnold Shvartsenegger Qadimgi Xitoy haqidagi filmda suratga tushadi

Foto: Gleb SHCHelkunov / Kommersant'

Gollivud aktyori Arnold Shvartsenegger Qadimiy Xitoy bilan bog‘liq bo‘lgan Sansinduy xarobalari haqidagi "Sansinduy mehmoni" (The Guest of Sanxingdui) deb nomlangan filmda bosh rolni ijro etadi.

Sansinduy xarobalari Sichuan viloyati Guan'xan uyezdidagi qadimiy Shu knyazligi o‘rnida joylashgan. Mahalliy dehqonlardan biri uni 1929 yilda o‘ra qaziyotganda aniqlagan va shu joyda nefritdan ishlangan buyumlarni uchratgan. Xitoyda xarobalar "olamning to‘qqizinchi mo‘'jizasi" deb ataladi.

"Sinxua" axborot agentligi xabar berishicha, yangi filmga sarmoya qilinadigan mablag‘ 200 mln dollarga baholanmoqda. Suratga olish ishlari keyingi yil martida boshlanadi va ikki yil davom etadi. Film 3D formatda suratga olinadi.

Shvartsenegger shuningdek filmga prodyuserlik qiladi, film xalqaro ahamiyatga ega bo‘ladi va dunyoni Sansinduy madaniyati bilan tanishtirishga imkon beradi. Axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, amerikalik aktyor shuningdek Sansinduy xarobalari elchisi etib tayinlangan.

Sansinduy madaniyati miloddan avvalgi 28-asrdan 8-asrgacha mavjud bo‘lgan. Xarobalarda ko‘plab osori-atiqalar: oltin va bronza niqoblar, nefrit, fil suyagidan ishlangan buyumlar, haykallar topilgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid