Xalqaro mehnat tashkilotining 87-sonli Konventsiyasi ratifikatsiya qilindi
25 oktabr kuni O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev «Xalqaro mehnat tashkilotining birlashmalar erkinligi va kasaba uyushmalariga birlashish huquqini himoya qilish to‘g‘risidagi 87-sonli Konventsiyasini (San-Frantsisko, 1948 yil, 9 iyul) ratifikatsiya qilish haqida»gi qonunni imzoladi. Bu haqda UzReport xabar bergan.
Qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 6 oktabr kuni qabul qilingan hamda Senat tomonidan 12 oktabr kuni ma'qullangan edi.
Mazkur Konventsiya 1948 yilda Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh Konferentsiyasining 31-sessiyasida qabul qilingan va 1950 yilda kuchga kirgan. Konventsiya preambula, 4 bo‘lim va 21 moddadan iborat bo‘lib, XMTning 8 ta asossoluvchi Konventsiyalaridan biri hisoblanadi.
Bugungi kunda ushbu Konventsiya XMTga a'zo bo‘lgan 153 mamlakat tomonidan ratifikatsiya qilingan. Konventsiya preambula, 4 bo‘lim (21 modda)ni o‘z ichiga oladi va quyidagilarni ko‘zda tutadi:
– xodimlar va ish beruvchilarning tashkilotlar tuzish, shuningdek, ushbu tashkilotlarga kirish huquqi;
– xodimlar va ish beruvchilar tashkilotlarining o‘z Ustavlari va ma'muriy reglamentlarini ishlab chiqish, o‘z faoliyatini tashkil etish, harakatlar dasturini tasdiqlash va amalga oshirish huquqi;
– davlat organlarining birlashish huquqini cheklovchi yoki uni qonuniy amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi aralashuvidan erkinlik;
– xodimlar va ish beruvchilar tashkilotlarini tarqatib yuborishni yoki ma'muriy tartibda ular faoliyatini to‘xtatib qo‘yishni ta’qiqlash;
– xodimlar va ish beruvchilarga birlashish huquqini erkin amalga oshirishni kafolatlovchi choralar qabul qilish.
XMT Ustaviga muvofiq Konventsiyaning ishtirokchi davlatlari XMTga mazkur Konventsiyaga oid o‘z majburiyatlarini bajarish uchun amalga oshirgan chora-tadbirlari to‘g‘risidagi ma'ruzani taqdim etadi.
Birinchi va keyingi ma'ruzalar ushbu Konventsiya tegishli ishtirokchi davlat uchun kuchga kirganidan so‘ng kamida uch yilda bir marta, shuningdek, XMT tomonidan talab etilgan hollarda taqdim etiladi.
Mazkur Konventsiyaning ratifikatsiya qilinishi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro va regional tashkilotlarga yanada integratsiyalashuvi hamda xodimlar va ish beruvchilar manfaatlari himoyasini xalqaro standartlarga muvofiq ta'minlashni yanada takomillashtirish uchun sharoit yaratadi.
Mavzuga oid
09:01 / 21.06.2024
O‘zbekiston ishlayotgan erkaklar va ayollar uchun teng imkoniyatlar to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qildi
21:01 / 13.03.2024
Ish haqini himoya qilish to‘g‘risidagi Konvensiya ratifikatsiya qilindi
10:10 / 01.12.2023
Qozog‘iston bilan ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma ratifikatsiya qilindi
08:07 / 14.11.2022