Jahon | 18:14
460
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda O‘zbekiston bilan chegara to‘g‘risidagi bitim ratifikatsiya qilindi

Qozog‘iston parlamenti Majlisi Qozog‘iston va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida Qozog‘iston-O‘zbekiston davlat chegarasi rejimi to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qildi.

Foto: 123RF

Qonun loyihasi Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisining o‘rinbosari - Chegara xizmati direktori Yerlan Aldajumanov tomonidan Majlisga taqdim etildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlari tomonidan 2024 yil 8 avgustda Ostonada imzolangan.

«Kelishuvning asosiy maqsadi Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi davlat chegarasidagi tartibni huquqiy asosda belgilashdir», dedi Yerlan Aldajumanov.

Hujjatda davlat chegarasini himoya qilish, odamlar, transport vositalari, yuklar va boshqa mol-mulkning chegaradan o‘tishi tartibi belgilangan. Shuningdek, davlat chegarasi orqali parvozlar, chegara hududlari va chegara suvlarida iqtisodiy va boshqa faoliyat masalalari ham qamrab oladi.

«Hujjatda shuningdek, chegaradagi favqulodda vaziyatlarni tartibga solish mexanizmlari ham ko‘zda tutilgan», dedi u.

Aldajumanov so‘zlariga ko‘ra, kelishuvning ratifikatsiyasi Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasidagi tartibni aniqlashtiradi, milliy xavfsizlikni mustahkamlaydi va ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni oshiradi. Uning ta’kidlashicha, hujjat hech qanday salbiy ijtimoiy-iqtisodiy yoki huquqiy oqibatlarga olib kelmaydi. Shuningdek, kelishuvni amalga oshirish uchun respublika va mahalliy budjetlardan qo‘shimcha mablag‘lar talab qilinmaydi.

O‘zbekiston ushbu kelishuvni 2025 yil 26 yanvarda ratifikatsiya qilgan edi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid