Texnologiya | 21:55 / 28.10.2016
5234
3 daqiqa o‘qiladi

Uber yaqin 10 yil ichida uchar avtomobillar bo‘lishini va'da qilmoqda

Foto: Uber

Siz Lyuk Bessonning taniqli fantastik filmi «Beshinchi element»dagi kelajak shaharlarni eslasangiz kerak. Unda aktyor Bryus Uillis ijro etgan qahramon uchar taksi haydaydi. Uber kompaniyasi boshqaruvidagi kimdir yana bir bor ushbu blokbasterni tomosha qilib, real hayotga uchar taksilarni joriy etishga qaror qilgan ko‘rinadi. Shuningdek, bu g‘oyani yaqin o‘n yil ichida hayotga tatbiq etishni va'da qilishmoqda.

«Osmono‘par binolar cheklangan maydondan samarali foydalanishga imkon bergani kabi shahar havo transport tizimi ham yerdagi harakatni sezilarli tarzda kamaytiradi. Ayni damda, biz aynan mana shu fantastik g‘oyani haqiqatga aylantirishga hozirlik ko‘ryapmiz», — deyiladi kompaniya rasmiy bayonotida.

Kompaniya elektr manbai bilan ishlaydigan uchar transport vositalari bog‘ini ta'riflovchi 97 betli hujjatni chop etdi. Ular havoda vertikal parvoz qilish va xuddi shunday yerga qo‘nish imkoniga ega.

Uber o‘zining yangi xizmatini oddiygina «Elevate» deb nomlashga qaror qildi. Biroq kompaniyaning o‘zi bu transport vositalarini ishlab chiqarishni rejalashtirmagan. Buning o‘rniga rahbariyat xususiy va davlat kompaniyalarini jalb qilishga harakat qilmoqda. Bu masalada davlat ishtiroki juda muhim, sababi ko‘p sonli infratuzilmali sertifikatsion va qonunga oid masalalarni hal etish lozim bo‘ladi.

Olti oy davomida kompaniya shahar havo transport tizimini qurish sohasida tadqiqot o‘tkazishni boshlaydi. 2017 yil boshida esa Uber OAVga o‘z yutuqlari haqida o‘rtoqlashish uchun rasmiy tadbir o‘tkazadi.

Tashkiliy masalalar hal etilgach, atrofda yetarlicha ishonchli uchar avtomobillar paydo bo‘la boshlaydi.

Reja juda ham ajoyib. Biroq uni hayotga tatbiq etish uchun bor-yo‘g‘i o‘n yilni talab qilishiga ishonish qiyin. Agar bu borada Uber kompaniyasining haydovchisiz uchar avtomobillarini ham qo‘shadigan bo‘lsak, belgilangan muddatga yana uzoq yillar kerak bo‘ladi. 

Ba'zida uchar avtomobilni qandaydir kompyuter boshqaruviga topshirish hazildek tuyuladi. Ayrim Tesla avtomobili egalari, masalan, mana shunday transport vositasida uchishga ko‘nishmagan bo‘lishardi. Yana kim bilsin.

Феруза Авазова
Tayyorlagan Феруза Авазова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid