Prezidentlikka nomzod Xatamjon Ketmonov Andijon viloyati saylovchilari bilan uchrashdi
Joriy yilning 4 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidentligiga O‘zbekiston XDPdan ko‘rsatilgan nomzod Xatamjon Ketmonov Andijon viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.
Andijon viloyati Bo‘z tuman hokimligining katta majlislar zalida bo‘lib o‘tgan uchrashuv Onlayn video-konferensiya shaklida viloyatning barcha tuman va shaharlaridagi saylovchilarni qamrab olgan holda tashkil etildi.
Tadbir avvalida nomzodning ishonchli vakili Abdulhamid Nurmatov Xatamjon Ketmonovning tarjimai holi bilan yig‘ilganlarni tanishtirdi.
Shundan so‘ng, so‘z O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari, partiya fraksiyasi rahbari Xatamjon Abdurahmanovich Ketmonovga berildi.
Xatamjon Ketmonov o‘zining navbatdagi saylovoldi uchrashuvida, dastavval, saylovlar demokratiyaning ko‘zgusi ekanligini, huquqiy demokratik davlatning asosini tashkil etishini ta'kidlab, istiqlol yillarida barcha sohalarda bo‘lgani kabi saylov tizimi ham bosqichma-bosqich, izchil isloh etilgani va mamlakatimizda saylov jarayonlarining qonuniy asoslari yaratilganiga e'tibor qaratdi.
U o‘z ma'ruzasi orqali saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlari yuzasidan yig‘ilganlarga batafsil ma'lumot berdi.
Jumladan, dastur partiyaning g‘oya va dasturiy maqsadlariga, xususan Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining Parlamentdagi ko‘pchilik – demokratik kuchlar Blokiga nisbatan o‘zini muxolifat deb e'lon qilgani, buning natijasida muxolif fraksiya sifatida ilgari surgan qator g‘oyalarga asoslanishini ta'kidladi.
- Biz uchun asosiy ustuvor yo‘nalish, avvalambor, aholining davlat va jamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga ehtiyojmand qatlamlari manfaatlarini himoya qilish hisoblanadi, - dedi nomzod o‘z dasturi bilan saylovchilarni tanishtirar ekan. Bunda aholi bandligini ta'minlash tizimini zamonaviy usullarni joriy qilish orqali doimiy takomillashtirib borish, kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilab olinganligini va mazkur yo‘nalishdagi vazifalarning samarali amalga oshirilishi uchun “Aholi bandligini ta'minlash – eng asosiy burchimiz”, “Aholi bandligi – ijtimoiy himoyaning eng maqbul yo‘li!”, “Har bir inson uchun munosib ish o‘rni!”, “Har bir inson uchun munosib ish haqi!” shiorlari ilgari surilishi ta'kidlandi.
Nomzod, ushbu maqsadda ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirish davomida barqaror ish o‘rinlarini yaratish ko‘rsatkichlari mazkur dasturlarning muhim mezonlaridan bo‘lishini ta'minlash, ishchi kuchi chetga chiqib ketishining oldini olish, buning uchun har yili qabul qilinadigan ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash Davlat dasturi ijrosida yangicha yondashuvlarga o‘tish, bunda asosiy e'tiborni mehnat bozoridagi talab-taklifni to‘liq o‘rganish, hisobga olish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini tuzishda joriy va istiqboldagi rivojlanish yo‘nalishlarini to‘g‘ri va aniq belgilash, munosib ish haqi to‘lanadigan barqaror ish o‘rinlarini taklif etayotgan, birinchi navbatda zaminimizdagi boy mineral xomashyo resurslari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashni ta'minlovchi yuqori texnologik tarmoq korxonalari, xizmat ko‘rsatish va servis sohasida faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlarda mehnatga layoqatli aholi bandligini ta'minlash bo‘yicha sa'y-harakatlarni faollashtirish, ushbu sohalarga mamlakatda mavjud bo‘lgan bo‘sh mehnat resurslarini faol jalb etish kerakligi bo‘yicha takliflarini ilgari surdi.
Shuningdek, ma'ruzada kichik biznes, uy mehnati, kasanachilik va oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish orqali xotin-qizlar bandligini ta'minlash samaradorligini oshirish, mehnat qonunchiligida ayollarga berilgan huquq va qo‘shimcha imtiyozlardan keng foydalanishlari uchun yanada maqbul sharoitlarni yaratish lozimligi ta'kidlandi.
Shundan so‘ng asosiy ma'ruza yuzasidan bir qator ishtirokchilar so‘zga chiqdilar.
Ular o‘z chiqishlarida nomzod dasturida ilgari surilayotgan tegishli mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqib, kadrlar tayyorlash uchun oliy o‘quv yurtlari talabalarining ta'lim shartnomalari to‘lovlarini to‘layotgan korxonalar va tashkilotlarni rag‘batlantirish amaliyotini takomillashtirish zarurligi g‘oyasini to‘la qo‘llab-quvvatlashini bildirishdi.
Shuningdek, so‘zga chiqqanlar nomzodning dasturida ilgari surilayotgan oliy va o‘rta maxsus ma'lumotga ega mutaxassislar tayyorlash yo‘nalishlarini belgilashda korxona va tashkilotlarning kadrlarga bo‘lgan joriy va istiqboldagi ehtiyojlarini hisobga olish tizimini takomillashtirishga oid dolzarb masalalarni faol qo‘llab-quvvatladilar.
Shundan so‘ng savol-javoblarga navbat berildi. Unda saylovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga nomzod va uning ishonchli vakillaridan atroflicha javob olish imkoniga ega bo‘ldilar.
O‘zbekiston XDP MK Matbuot xizmati
Mavzuga oid
21:49 / 08.11.2024
Ishchilar sinfi isyoni yoki muvaffaqiyatsiz kampaniya? Harris saylovda nega yutqazdi?
18:42 / 07.11.2024
Trampning g‘alabasi: u amerikaliklarni qanday ishontira oldi?
18:18 / 07.11.2024
Imzo chekishni bilmagani uchun minglab yosh amerikaliklarning saylov byulleteni bekor qilindi
13:51 / 07.11.2024