Indoneziya prezidenti Avstraliya safarini bekor qildi
Indoneziya prezidenti Joko Vidodo mamlakat poytaxti Jakartada tashkil etilgan tartibsizliklar tufayli Avstraliyaga rejalashtirgan safarini bekor qildi. Bu haqda, Reuters agentligi Avstraliya bosh vaziri Malkolm Ternbullga asoslanib xabar qilmoqda.
Vidodo bekor qilingan tashrif doirasida ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishi va 7 noyabrda Avstraliya parlamentida ma'ruza qilishi kerak edi.
Bundan avval, Indoneziya rahbari mamlakat poytaxtidagi tartibsizliklarda "siyosiy g‘arazgo‘y"larni aybladi. U shuningdek, Jakartaga boshqa shaharlardan kelganlarni hamda mahalliy fuqarolarni tezroq uylariga qaytishga chaqirgan.
Turli ma'lumotlarga ko‘ra, 50 mingdan 200 ming kishigacha qatnashgan norozilik namoyishlari poytaxt gubernatori Basuki Chaxaya Purnamaga qarshi bo‘lgan. U Islom diniga nisbatan haqoratli so‘zlarni gapirganlikda ayblangan. Mamlakat politsiyasi gubernatorni ushbu masala bo‘yicha so‘roqqa tutishga ham ulgurgan.
Davlat rahbari Jakarta yetakchisining so‘zlari borasida "tez va sinchkovlik bilan tergov o‘tkazilishi"ga va'da bergan. Eslatib o‘tamiz, Indoneziya aholisi soni 250 mlnga yaqin bo‘lib, ularning 88 foizi Islom diniga e'tiqod qiladi.
Avval boshida tinch norozilik namoyishlari deb nomlangan yurish 4 noyabr kuni tushda keyin boshlangan. Dastlab u haqiqatdan ham tinch kayfiyatda davom etgan. Ammo, kechga yaqin namoyishchilar hukumat binosi to‘siqlarini buzishga urinishgan. Politsiyachilarga tosh va shishalarni uloqtirgan. Bir necha avtomobilni yoqib yuborishgan. Shundan so‘ng, huquq idoralari yosh oqizuvchi gaz va suv purkagichlarni qo‘llashga majbur bo‘lgan. Namoyishlarda 1 kishi hayotdan ko‘z yumgan, 12 kishi yaralangan.