11:51 / 11.11.2016
6900

Xalqaro simpoziumning birinchi kuni: Sug‘urilgan tishni tiklash, Grasgof mezoni, yangilanuvchi energiya manbalari va boshqa mavzular

Fundamental va amaliy fizika masalalariga bag‘ishlangan xalqaro simpozium  o‘z faoliyatini  Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti fizika fakultetida  davom ettirmoqda. Simpozium 10 noyabr kuni 4ta seksiyaga bo‘linib, o‘z faoliyatini davom ettirdi. 

Birinchi seksiya nazariy fizika va astrofizika masalalariga bag‘ishlandi. Bavariya Fanlar akademiyasi prezidenti, professor K. Xoffman “Hayot ilmlarida matematik modellar” mavzusidagi ma'ruzasida insonning sug‘urilgan tishini tiklash jarayonini tushuntiruvchi tenglamani hisoblab chiqdi.

Hindistonlik fizik olim, professor N. Dadich Grasgof mezonining bir asrdan so‘ng qanday tushunilayotganligi haqida so‘z yuritdi.

Ukrainalik olim, professor A. Solovevning chiqishi esa yuqori haroratli superkonduktorlarda o‘ta o‘tkazuvchanlik va magnetizm o‘rtasidagi bog‘liqlik mavzusiga bag‘ishlandi. U o‘z ma'ruzasida insoniyat elektr quvvatidan elektrostansiyalardagi qisqa tutashuvlarsiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri foydalanishi real tushunchaga aylanganligini ta'kidlab o‘tdi.

Daniyalik astrofizik olima I.Nordsrem Somon yo‘li galaktikasi, uning paydo bo‘lishi bilan bog‘liq ma'lumotlar bilan barchani qiziqtirib qo‘ydi.

Ikkinchi seksiyada eksperimental fizik tadqiqotlar natijalari muhokama qilindi. Aytish joizki, simpoziumning ushbu seksiyasi doirasida aynan amaliy tadqiqotlar va ularning o‘rni haqidagi ma'ruzalar o‘qildi. Rossiya, Niderlandiya, Italiya, Germaniya, Malayziya, Janubiy Koreya va o‘zbekistonlik olimlar o‘z ilmiy izlanishlari yuzasidan ma'lumot berishdi. Radiatsion texnologiyalar, kristallik materiallar, epitermal neytronlar kabilar ustidan olib borilgan  tadqiqotlar xulosalari qizg‘in muhokamaga sabab bo‘ldi.

Uchinchi seksiya ishtirokchilari yangilanuvchi energiya manbalarini qo‘llash istiqbollari xususidagi ma'ruzalarni tingladi.  Dastlab so‘zga chiqqan Rossiya Fanlar akademiyasi yarim o‘tkazgichlar fizikasi instituti direktor o‘rinbosari, professor O. Pchelyakov  o‘z taqdimotida sun'iy yo‘ldoshlarning faoliyatini ta'minlovchi materiallar samaradorligini quyosh energiyasi hisobiga oshiruvchi zamonaviy ishlanmalar to‘g‘risida so‘z yuritdi.

Malayziyalik professor I. Noorning ma'ruzasida esa quyosh energiyasini yutishda sintezator sifatida o‘simliklardan olinadigan tabiiy bo‘yovchi moddalardan foydalanish taklifini berdi.

“Fizika-Quyosh” ilmiy-ishlab chiqarish tashkiloti milliy fizika-texnika instituti vakili Jasur Axatov o‘z taqdimotida O‘zbekistonda va quyosh energiyasidan foydalanish tarixi va istiqbollari borasida statistik ma'lumotlar keltirish bilan bir qatorda, mamlakatimizda bu borada amalga oshirilayotgan keng qamrovli davlat dasturiga ham alohida to‘xtaldi. 2013 yilda O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan, Markaziy Osiyoda birinchi va ayni paytda yagona bo‘lgan Xalqaro quyosh energetikasi instituti faoliyatiga ham urg‘u berdi.

To‘rtinchi seksiya nazariy fizikadagi yangiliklarga bag‘ishlandi. Bunda fizikaning biologiya va kimyo, tibbiyot bilan bog‘liq jihatlariga bog‘liq yangi farazlar ilgari surildi. Jumladan, belgiyalik professor D. Dirk biologik zanjirlarni tushuntirishda biomateriallar fizik-kimyoviy xossalariga tayanish mumkinligini ta'kidladi. Bu kabi qiziqarli mavzular hech kimni befarq qoldirmadi.

Xalqaro simpozium ishtirokchilari ommaviy axborot vositalari vakillari bilan suhbat jarayonida O‘zbekistonda ilm-fan taraqqiyoti borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tishdi. Italyan fizigi  G. Gambarini xonim O‘zbekistonda ayollarning ilm-fanga qiziqishi yuqori ekanligi quvonarli hol ekanligini ta'kidlab o‘tdi.

Chexiyalik tadqiqotchi Milan Kalal esa o‘zbekistonlik yosh olimlar haqidagi savolga shunday deya javob qaytardi: “O‘zbekistonlik bir do‘stim bor. U bilan anchadan buyon yozishma olib boramiz. Uning o‘g‘li ham ota izidan borib, fizikani tanladi. Men o‘zbek yosh olimlaridan ko‘plarni tanimayman. Biroq shu do‘stimning o‘g‘lini o‘zim bilgan barcha yosh tadqiqotchilar orasida eng tirishqoq va mehnatsevar inson deb bilaman”.

Shuningdek, yaponiyalik Shikama Tatsu hamda daniyalik Andersen Yoxannes hamkasblari ma'ruzalaridan juda ko‘p yangi ma'lumotlar olayotganliklarini ta'kidlab, O‘zbekistonda yoshlarni ilmga yo‘nalitirish borasida amalga oshirilayotgan ishlardan hayratda ekanliklarini bildirishdi.

Professor Pchelyakov o‘zining OAVga berga intervyusida o‘zbek olimlarining quyosh energetikasi sohasidagi yutuqlarini e'tirof etib, kelgusida mamlakatimiz ilmiy-tekshirish institutlari bilan bu boradagi hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadini bildirdi. “Bunday simpoziumda ishtirok etish yoqimli. Tashkilotchilar tayyorgarligi a'lo darajada. Bunda davlat ko‘magi seziladi. Taklif etilgan mehmonlar mavqei anchayin yuqori, o‘zbek olimlarining ma'ruzalari esa yurtingizda ilmiy maktablar faoliyati yaxshi yo‘lga qo‘yilganligidan dalolatdir”, deydi bu haqda Germaniya materiyashunoslik instituti vakili janob Jyeludkevich.

Seminarning birinchi kuni ana shunday iliq fikr va taassurotlar bilan yakunlandi.

Top